Телефонлар:
(0372) 542-11-11
(0372) 542-11-45
» » Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashining 71-sessiyasi bo'lib o'tdi

Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashining 71-sessiyasi bo'lib o'tdi

31 июль 2024 йил
119
0

Bugun Yangiobod tumani hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashining navbatdagi 71-sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiyada Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, tuman hokimining oʻrinbosarlari hamda kun tartibidagi masalalarga aloqador tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.

Sessiya ishida deputatlar tomonidan sektorlar hamda sohalar rahbarlarining joriy yilning o'tgan davri davomidagi faoliyatlari yuzasidan hisobotlari, davlat dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan axborotlari hamda shu kabi 16 ta masala ko'rib chiqildi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabgi masalalar yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mudiri V.Hasanov so‘zga chiqib, Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashidagi deputatlik o'rinlari sonini belgilashning yangi mezonlari haqida ma'lumot berdi.

Shuningdek, Yangiobod tumani saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlarni tavsiya etish to'g'risidagi masala ham ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan tegishli tartibda tasdiqlandi.

Sessiya kun tartibidagi 3- masala yuzasidan tuman sektor rahbarlarining Temir daftar, Ayollar daftari, Yoshlar daftari asosida amalga oshirayotgan ishlar hamda hududlarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalarning bajarilishi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Xususan, 1-sektor hududida Temir daftar, Ayollar daftari va Yoshlar daftarini shakllantirish boyicha joriy yil boshidan masul xodimlar tomonidan tizimli ishlar olib borilganligi ta'kidlandi.

Jumladan, Ayollar daftarining 5-bosqich royxatini shakllantirish bo'yicha sektor hududidagi 2 ta mahallada 31 yoshdan oshgan ayollar to'liq xatlovdan o'tkazilgan.

Xatlov natijalariga asosan yordam ko'rsatishga muhtoj bo'lgan 215 nafar xotin-qizlar belgilangan 6 ta toifa bo'yicha Ayollar daftariga kiritilgan. Joriy yilning 6 oyi davomida 120 nafar xotin-qizlarning (55,8 foiz) muammolari ijobiy hal etilgan.

Sessiya kun tartibidagi 4-masala yuzasidan tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyevning 2024-yil 6 oy davomida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to'g'risidagi axboroti tinglandi.

Ta'kidlandiki, hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 109,9 foizga, eksport hajmi 116,9 foizga o'sishi taminlangan. Investitsiya dasturiga asosan hududiy loyihalar doirasida o'zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6,9 mln dollarni tashkil qilgan.

Shuningdek, 0,5 mln dollarlik 9 ta investitsiya loyihalarining to'liq quvvatda ishlashi taminlanib, 51 ta yangi ish o'rinlari yaratilgan. Tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha 82 ta yangi tadbirkorlik subyektlari yaratilgan. Mahallalarda 83 ta mikroloyihalar ishga tushirilishi natijasida 104 ta yangi ish o'rinlari yaratilgan.

Sessiya kun tartibidagi 5-masala yuzasidan tuman IIB boshlig‘i Sh.Axmedovning huquqbuzarliklarni oldini olish va ularning profilaktikasi holati bo‘yicha hisoboti tinglandi.

Ta'kidlandiki, 2024-yilning 6 oyi davomida tuman hududida 5 ta jinoyatlar sodir etilgan. O‘tmishda sodir etilib ochilmay qolgan jinoyatlar 8 tani tashkil etib, ushbu jinoyatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tuman IIB tezkor xodimlari tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida 1 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, 2024-yil 28-mart kuni ushlangan.

Tuman hududida jami uzoq muddatga chiqib kelgan shaxslar 2416 nafarni tashkil qilib, shundan 2021 nafar fuqarolar o‘z yashash joyiga qaytib kelgan. Hozirgi kunda uzoq muddatda yurgan shaxslar 332 nafarni tashkil etmoqda.

2024-yilning o‘tgan 6 oyi davomida uzoq muddatdan qaytib kelgan 137 nafar fuqarolarning barchasi bilan suhbat o‘tkazilgan.

Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masalalar bo'yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangiobod tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri N.Karimov so'zga chiqib, sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan 2024-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar xususida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi PQ-31-sonli qarorining 19-bandi ijrosi to‘g‘risida ma'lumot berdi .

Xususan, Xalq qabulxonasi tomonidan 2024-yilning birinchi yarim yilligi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonasiga 340 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 190 tasi (55,8 foiz) ijobiy hal etilgan, 95 tasi (27,9 foiz) huquqiy ma’lumot berish orqali hal etilgan, 4 tasi (1,1 foiz) uzoq muddatli nazoratga olingan, 27 tasiga (7,9 foiz) tushuntirish berilgan, 24 tasi (7,0 foiz) o‘rganish jarayonida qolgan.       

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga qilingan murojaatlar soni esa o‘tgan yilga nisbatan 55 ta (19 foiz)ga, har ming kishiga to‘g‘ri kelgan murojaatlar soni esa 10 tadan 11 taga ko‘paygan.

Tuman aholisidan yo‘llangan murojaatlarning soni o‘tgan yilga nisbatan Balandchaqir MFYda 3 foizga, Shodlik MFYda 32 foizga kamaygan bo‘lsa, Yangiobod SHFYda 26 foizga, Sovot QFYda 4 foizga, Xo‘jamushkent QFYda 56 foizga, Do‘stlik MFYda 64 foizga, Havotog‘ QFYda 10 foizga, Sarmich MFYda 15 foizga ortgan.

Sessiya kun tartibidagi 8-masala yuzasidan tuman Adliya bo'limi boshlig'i J.Abduxoliqov tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan 2024-yil birinchi yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. 

Ta'kidlandiki, 2024-yil birinchi yarim yilligi davomida jami 524 ta, shundan O‘zbekiston Respublikasining 42 ta qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 95 ta qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 46 ta farmonlari va 107 ta qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 152 ta qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning 79 ta buyruqlari va qarorlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining 3 ta qarorlari elektron bazasi xizmatda foydalanish uchun yetkazib berilishi ta’minlangan.   

Davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish sohasidagi faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish, tanqidiy tahlil asosida izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashining 1 ta, tuman hokimining 1 ta normativ tusdagi qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan.

Shuningdek, sessiya davomida ma'ruzachi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF–80-son “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati hamda Farmon ijrosi yuzasidan tuman adliya bo'limiga yuklatilgan qo'shimcha vazifalar xususida tushuntirib o'tildi.

Sessiya kun tartibidagi 9-masala yuzasidan Majburiy ijro byurosi Yangiobod tuman boʻlimi boshlig‘i X.Musurmonqulovning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-noyabrdagi PF-6118-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan hisoboti tinglandi.

Hisobotda Byuroning Yangiobod tuman bo‘limi ish yurituvida jami mavjud bo‘lgan 53 mlrd 489 mln so‘mlik undiruvlarga oid 3458 ta ijro hujjatlaridan 29 mlrd 249 mln so‘mlik 2202 ta ijro hujjatlari tamomlanganligi ta'kidlandi. Shundan, 1776 ta ijro hujjatlari bo‘yicha 13 mlrd 273 mln so‘m, shu jumladan, 1222 ta hujjatlar asosida 9 mlrd 930 mln so‘m mablag‘lar davlat foydasiga undirilgan. Shu kabi, soliq qarzdorligi bo‘yicha 588 ta 10 mlrd 065 mln so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha, 442 ta 8 mlrd 810 mln so‘m amalda ijrosi ta’minlangan. Farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan Byuro tomonidan ijro hujjatlari asosida mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan tadbirlar natijasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinayotgani aytib o'tildi.

Sessiya kun tartibidagi 10-masala yuzasidan tuman hokimining birinchi oʻrinbosari R.Abdug'aniyev do'zga chiqib, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturining 2024-yil 6 oydagi ijrosi to‘g‘risida axborot berdi.

Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida 2997 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish belgilangan bo‘lib, shundan investisiyalar tashqi savdo va mahalliy sanoatni rivojlantirish hisobiga 16 ta (29 foiz), moliya-iqtisod, tadbirkorlik va kambag‘allikni qisqartirish hisobiga 618 ta (125 foiz), qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi hisobiga 3290 ta (137 foiz), qurilish transport va kommunal sohalar hisobiga 18 ta (37 foiz), jami 3942 ta (132 foiz) doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.

Sessiya kun tartibidagi 11-masala yuzasidan tuman hokimi o'rinbosari A.Nishonovning yoshlar muammolarini hal etilishiga ko‘maklashish, yosh avlodning iste’dodi va qobiliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish borasida 2024-yil 6 oy davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.

Axborotda ta'kidlandiki, tumandagi 8 ta mahallalarda 7066 nafar “yoshlar balansi” shakllantirilib, 5383 nafar yoshlar “yashil” toifaga, 2486 nafar yoshlar “sariq” toifaga, 122 nafar yoshlar “qizil” toifaga kiritilgan. Qizil toifaga kiritilgan 122 nafar yoshlar tuman sektor rahbarlari hamda tashkilotlar rahbarlariga biriktirigan.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-fevral kungi topshiriqlariga asosan Yangiobod SHFYdagi 10 nafar, Balandchaqir MFYdagi 9 nafar, Do‘stlik MFYdagi 9 nafar, Shodlik MFYdagi 9 nafar, Havotog‘ QFYdagi 13 nafar, jami 50 nafar yoshlarga 50 gektar yer maydonlari ajratib berilgan.

Tumanda o‘tkazilgan xatlov natijalariga asosan 87 nafar ishsiz yoshlar aniqlangan. Ushbu yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan: 8 nafar yoshlar doimiy ish o‘rinlariga joylashtirilgan, 45 nafar yoshlar kasb-hunar va zamonaviy kasblarga o‘qitilgan, 4 nafar yoshlarga subsidiya ajratilgan, 12 nafar yoshlarga yer maydonlari ajratilgan, 11 nafar yoshlarga kredit mablag‘lari ajratilgan.

Xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishi bo‘lgan 1083 nafar yoshlar “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali o‘qitilib,  83 nafariga sertifikat olishga ko‘maklashilgan.

Sessiya kun tartibidagi 12-masala yuzasidan tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i Z.Mamatmurodov tumanda jamoat xavfsizligini ta‘minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Xususan, 2024-yil 6 oy mobaynida profilaktika inspektorlari tomonidan jami 596 ta (2023-yilda 475 ta) ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan bo‘lib, belgilangan 77 624 752 so‘m miqdordagi jarimalarning 75,5 foizi undirilgan.

Profilaktika xizmati tomonidan jami 5 nafar shaxslar maxsus muassalarga joylashtirilgan. Jamoat joyida spirtli ichimlik iste’mol qilganligi bo‘yicha 67 ta (2023-yilda 54 ta), jamoat joyida o‘tkir tig‘li jismlarni olib yurganligi uchun 3 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Obod va xavfsiz mahalla tamoyili asosida profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla to‘rtligiga berilgan 202 ta xulosalardan 105 tasi qo‘shma xulosa tuzish orqali yakunlangan.

Shundan so'ng kun tartibidagi 13-masala yuzasidan tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i T.Shodmonqulov tomonidan tuman mahalliy byudjetining 2024-yil 6 oydagi ijrosi to‘g‘risida ma'lumot berilib, deputatlar tomonidan ko'rib chiqildi.

Sessiya kun tartibidagi 14-masala bo'yicha tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i A.Kenjayev sog‘liqni saqlash, xususan tez tibbiy yordam, kafolatlangan bepul tibbiy yordamni ko‘rsatilishi yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Ma'ruzachi o'z hisobotida markaziy shifoxona 5 ta statsionar bo‘limdan iborat bo‘lib, tug‘ruq kompleksi 23 o‘ringa, shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi 4 o‘ringa, yuqumli kasalliklar bo‘limi 15 o‘ringa, ichki kasalliklar bo‘limi 12 o‘ringa va bolalar kasalliklari bo‘limi 15 o‘ringa, xo‘jalik hisobidan pullik bo‘limlar 12 o‘ringa mo‘ljallanganiga to'xtalib o'tdi.

Shuningdek, ko‘p tarmoqli tuman markaziy poliklinika 22 ta mutaxassislik bo‘yicha faoliyat ko‘rsatib, 3 turdagi diagnostik tahlillar olib borilishi, bugungi kunda tuman tibbiyot birlashmasida 6 nafar oliy toifali, 2 nafar birinchi toifali, 3 nafar ikkinchi toifali shifokorlar faoliyat yuritishini aytib o'tdi.

Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida 6 nafar oliy ma’lumotli shifokorlar Farg‘ona viloyatidan olib kelingan, 9 nafar tor doiradagi mutaxassislar tashqi o‘rindoshlik sifatida Zomin tumanidan jalb etilgani ta'kidlandi.

Shundan so'ng sessiya kun tartibidagi 15-masala yuzasidan Respublika ayrogiodeziya markazi bosh yuristkonsulti D.Axmedov so'zga chiqdi va Yangiobod tumanining Zomin tumani bilan ma’muriy-hududiy chegara chizig‘ini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko'rib chiqildi.

Sessiya kun tartibidagi 16-masala bo'yicha esa tuman hokimligi ijro-intizomi nazorati bo‘yicha bosh mutaxassisi N.Qobilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-sonli Farmonida belgilangan vazifalarning ijrosi haqida ma'lumot berib o'tdi.

Sessiya davomida barcha masalalar yuzasidan deputatlarning fikr-mulohazalari tinglanib, tegishli qarorlar qabul qilindi va Xalq deputatlari tuman Kengashining 71-sesaiyasi o‘z ishini yakunladi.

Yangiobod tumani hokimligi

Axborot xizmati

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар