Xabar berganimizdek, mustaqilligining 32 yilligi bayrami doirasida Yangiobod tumani Havotogʻ QFYda joylashgan DXX Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qism chegara qoʻriqlash vzvodlari harbiy xizmatchilari uchun xizmat uylari foydalanishga topshirildi.
Xususan, shu kuni “Uchturgon” qishlog'i hududida joylashgan harbiy qism bo'linmasida ham tantanali tadbirlar bo'lib o'tdi. Bu yerda harbiylar uchun ma'muriy bino hamda 27 nafar harbiy xizmatchilarning oilalariga xonadon kalitlari topshirildi.
Zamonaviy aloqa vositalari va kerakli mebel jihozlari bilan taʼminlangan maʼmuriy bino ichida va uning tashqarisida harbiylarning xizmat olib borishlari va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.
Xususan, endilikda kutubxona, oʻquv xonasi, tibbiyot xonasi, yotoqxona, oshxona, maishiy xizmat koʻrsatish va yuvinish xonalari, sport zali hamda mini futbol maydonchasi ular ixtiyorida boʻladi.
Shuningdek, harbiylarning bogʻcha yoshidagi farzandlarining taʼlim tarbiya olishlari ham alohida eʼtiborga olingan. Harbiylar shaharchasi koʻrinishini olgan maskanda bolalar maydonchasi va maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil qilingan.
Tadbir ishtirokchilari maʼmuriy bino va inshoatlar hamda yashash xonadonlarida harbiy oilalar uchun yaratilgan sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.