Yangiobod tumanida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari natijasida mahallalarning yoʻl infratuzilmasi yanada yaxshilanib, aholining hayot tarzi va kayfiyatiga oʻz ijobiy taʼsirini koʻrsatmoqda.
“Yangiobod tumanidagi mahallalarda birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”da belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratilgan 33 mlrd soʻmlik mablagʻ hisobidan Balandchaqir MFYdagi asosiy yoʻlning 4,5 km qismi toʻliq qayta taʼmirlanmoqda.
Shu bilan birga, ayni kunlarda Shodldik MFY hududida ham 3,8 km yoʻlda asfalt yotqizish ishlari davom etmoqda.
Bugun tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyev mazkur hududlarga borib, amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.
Shuningdek, masʼullarga ishlarni toʻgʻri tashkil etish yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib, ularga qurilish ishlarini puxtalik bilan sifatli tarzda bitkazish va tegishli tartibda nazorat olib borish yuzasidan koʻrsatma va aniq topshiriqlar berdi.