Davlatga tegishli suv havzalari tadbirkorlarga “E-auksion” orqali ijaraga beriladi
Hukumat qarori bilan Davlatga tegishli suv havzalarini tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko'ra, 2023 yil 1-oktabrdan davlatga tegishli suv havzalari foydalanish sharti bilan quyidagi faoliyat turlarini tashkil etish uchun elektron savdo platformasida onlayn-auksion orqali ijaraga beriladi:
-davlatga tegishli tabiiy va sun'iy suv havzalari (suv omborlari) – baliqni sanoat usulida yetishtirish va ovlash uchun;
-tabiiy va sun'iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yer uchastkalari – suv bo'yida plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, qayiqda suzish va suv sayohati bo'yicha xizmatlar ko'rsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan, baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (o'tov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun.
Bunda tabiiy va sun'iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yer uchastkalariga yengil konstruksiyali qurilmalarni o'rnatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mazkur nizom quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
-ijara shartnomalarining amal qilish muddati tugamagan tabiiy va sun'iy suv havzalariga;
- Aydar-Arnasoy ko'llar tizimiga;
- Prezident yoki Hukumat qarorlari asosida ijaraga berish belgilangan boshqa davlat mulklariga.
Suv havzasi (yer uchastkasi) kamida 10 yil muddatga, qo'shimcha yana 10 yil muddatga uzaytirish huquqi bilan ochiq elektron onlayn-auksion savdosi orqali shartnoma asosida ijaraga beriladi.
Suv havzasini ijaraga berish yuzasidan tadbirkorlar tomonidan ijaraga beruvchiga tegishli takliflar berish yo'li bilan tashabbus ko'rsatilishi mumkin.