Ikkinchi jahon muhorabasi dunyo tarixida butun insoniyat boshiga og‘ir kulfatlarni solgan urush bo‘ldi. 1941 yilda boshlangan bu urush jahonning 61 mamlakatini, yer shari aholisining 80 foizini ya’ni 1,7 mlrd kishini o‘z girdobiga tortdi.
Millionlab insonlarning hayotiga zavol bo‘lgan qirg‘in Vatanimizdan minglab kilometr uzoqlikda bo‘lsa-da, qancha-qancha yurtdoshlarimizning yostig‘ini quritdi. Xalq halovatdan ayrildi. Ota-onalarning qaddi bukildi, kelinchaklar dimog‘idagi isiriq hidi achchiq dudga aylanib, ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqizdi. Urush tufayli ming-minglab o‘zbek ayollari bevalik azobini tortishdi. Kunlar keldiki, bu kechmishlar o‘tmishga aylandi. Lekin yillar armoni, bu armon dog‘i, hali hanuz ko‘ngil tubida saqlanib qolgan.
“Hamma yoshlik damlarini quvonch bilan yodga olsa, mening yoshligim hayotim davomida totgan eng qayg‘uli kunlarimdan xotira bo‘lib qolgan. Ocharchilik, og‘ir mehnat azobi… eng dahshatlisi, urush tufayli otamdan, uch birday pahlavonkelbat akalarimdan ajraldik. Bu ayriliq azobiga onajonim dosh berolmadi, to‘shakka mixlandi. Oradan hech qancha o‘tmay omonatini topshirdi…” Hamqishlog‘imiz Momaxol momo urush davri xotiralarini eslaganida, har gal ko‘z yoshlarini tiyolmaydi. Yillar o‘tsa-da, Momaxol momoning qalbini armon o‘rtaydi. Yillar o‘tsa-da, ayriliq azobidan ko‘ngli vayron bo‘ladi...
O‘sha ma’shum urushdan oilasi bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytganlar ham bor, tengsiz jasorat ko‘rsatib ko‘plarning olqishiga sazovor bo‘lgan vatandoshlarimiz ham ko‘p. Ular bizning, millatimizning faxri, iftixori. O‘zbekning shunday mard va jasur farzandlaridan biri Sovet Ittifoqi Qahramoni Jo‘raxon Usmonov bo‘ladi.
Sirdaryo viloyati, Xovos tumani, Savat qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan bu yigit ayni navqiron yoshida frontga otlanadi. Biroz vaqt front ortida harbiy bilimlarni egallaydi, jangovar qurolni to‘la-to‘kis o‘rganadi. U juda yosh va g‘ayratli edi. Tomirlarda urib turgan qaynoq qon uni jasoratga chorlagan bo‘lsa ajab emas.
Urushga kirgan dastlabki kunlaridayoq u safdoshlariga o‘rnak bo‘la boshladi. Har qanday murakkab vaziyatda ham tadbirkorlik bilan yo‘l topa oladigan Jo‘raxon Sultonov hammani lol qoldirib, Stalingrad uchun bo‘lgan janglarda mislsiz mardlik namunasini ko‘rsatadi. Uning g‘alabaga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan bu botirligi qo‘mondonlik tomonidan munosib e’tirof etiladi - u Qizil Bayroq ordeni bilan mukofotlanadi.
SOJ DARYOSI BO‘YIDA
1943 yilning kuzida serjant Jo‘raxon Usmonov xizmat qilayotgan qismga “Soj daryosidan o‘tib, uning g‘arbiy yoqasidagi platsdarm egallansin”, degan jangovar topshiriq keladi. Topshiriqni bajarish uchun eng sara askarlar tanlab olinib, shturmchi otryad tuziladi. Serjant Jo‘raxon Usmonov otryad komandirining yordamchisi etib tayinlanadi.
Otryad kechasi yo‘lga chiqdi.Ularning maqsadi qat’iy edi: dushmanga qo‘qqisdan hamla qilib, tong yorishguncha ular qo‘nim topgan tepalikni ishg‘ol qilish.
1944 yilda chiqarilgan jangovar varaqada ushbu urush tafsilotlari, o‘zbek farzandi serjant Jo‘raxon Usmonovning bu urushda ko‘rsatgan jasorati haqida shunday yoziladi:
“...Tepalik yoniga Usmonov guruhi chuqurlikdan o‘tib bordi. Shunday bo‘lsa ham dushman sovet jangchisini payqab qoldi. Birdan pulemyot tarillab ketdi. Jangchilar yerga yotib oldilar. Tepalikning tagi ochiq joy. Hamma narsa dushmanga ko‘rinib turadi. Nari borishning iloji yo‘q. Tong yaqinlab kelayotir. Vaqt ziq. Ana shunda Usmonov bir qarorga keldi...
Qo‘rqinchni pisand qilmay Usmonov tinmay pulemyot otib turgan joyga emaklab boraverdi. Yo‘lda granatani rostlab oldi. To‘g‘rilab irg‘itdi. To‘siq ham bartaraf qilindi...
Ertalab dushman bu kichkina otryadni egallagan pozitsiyasidan surib chiqarmoqchi bo‘lib, qarshi hujum qildi...
Patron tugay deb qoldi. Granata ham yo‘q edi.Otryad komandiri leytenant Ozerov qattiq yarador bo‘lib hushidan ketib qolgan edi. Qo‘mondonlikni Jo‘raxon Usmonov o‘z zimmasiga oldi. Jangchilarning yuzida dovdirash paydo bo‘lganini ko‘rib, komanda berdi:
- Bir qadam ham chekinmaysizlar! O‘lguncha turasizlar!
Komandirning epchilligi va topqirligi jangchilarni ruhlantirdi...
Shu olishuvda Jo‘raxonning o‘zi o‘n fashistni o‘ldirdi. Qolganlarini uning jangchilari va yetib kelgan bo‘linma tamom qildi ”.
Serjant Jo‘raxon Usmonov jangda ko‘rsatgan bu fidoyiligi sabab unga «Sovet Ittifoqi Qahramoni» unvoni berildi.
ONA VATANGA MAKTUB
Insonga Vatanidan, yaqinlaridan yiroqda bo‘lganda nima kuch beradi? Albatta, u tug‘ilib o‘sgan yurti bilan bog‘liq aziz xotiralaridan, ota-onasiga bo‘lgan mehri, muhabbati, sog‘inchidan kuch oladi. Jasur jangchi Jo‘raxon Usmonov ham urushda kechgan yillarida ana shunday taskin bilan Vatanga intilib, unga faqat yaxshiliklar sog‘inib yashadi. Uning O‘zbekistonga yo‘llagan maktublarida ham ana shunday ruh bor. Mana shunday maktublardan biri. Uning ayrim joylaridan parcha keltiramiz:
“Salom serquyosh O‘zbekistonim! Men Ikkinchi jahon urushi frontlarida 3 yildan ortiq jang qilganimdan keyin, yana sening mehribon bag‘ringga keldim... Issiq quchog‘ingga qaytib kelarkanman, bergan topshirig‘ingni sharaf bilan bajarganligim to‘g‘risida iftixor bilan so‘zlay olaman...
Men janglarda 3 marta yengil va ikki marta og‘ir yarador bo‘ldim. Lekin jarohatlarim bitib ketishi bilan yana o‘z qismimga qaytib bordim va yirtqich fashistlarni o‘z uyasida batamom yanchib tashlash uchun olib borilayotgan janglarda ishtirok etdim. Men Vatanimga qaytib kelgach, o‘zbek xalqining paxtachilik sohasida bu yil erishgan katta yutug‘ini ko‘rib behad quvondim. Janglarda mardlik va jasurlik ko‘rsatayotgan o‘zbek yigitlari o‘z xalqining mehnat zafarlaridan mamnundirlar”.
Ona O‘zbekistonimizning mana shunday asl vatanparvar, jasur farzandlari bor.Ularni hech qachon unutmaymiz.