Yangiobod tumanida “Keksalar turizm oyligi” doirasida bir qator tadbirlar tashkil etilib, tumandagi yoshi ulug' nuroniylar va mehnat faxriylari ushbu tadbirlarga faol jalb etilmoqda.
Oylik doirasida yangiobodlik bir guruh nuroniylarning navbatdagi sayohati ko'hna va navqiron deya ta'riflanadigan Samarqand shahriga uyushtirildi.
Sayohat davomida 30 nafarga yaqin otaxon va onaxonlar Samarqandning tarixiy va mahobatli me'moriy obidalari va mustaqillik yillarida barpo etilgan bunyodkorlik inshootlari bilan yaqindan tanishdilar.
Sayohatchilar Go'ri Amir, Registon, Hazrati Xizr, Shohi Zinda, Ulug'bek rasadxonasi kabi qadamjolarni ziyorat qilisharkan, ajdodlarimizning ilm-fan va insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shganiga yana bir bor guvoh bo'ldilar.
Shuningdek, shahardagi bunyodkorlik ishlari, ayniqsa, "Boqiy shahar" majmuasi nuroniylarda iliq taassurotlar qoldirdi.