Bugun Yangiobod tumani hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashining navbatdagi 65-sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiyada Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimining oʻrinbosarlari hamda kun tartibidagi masalalarga aloqador tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.
Sessiya ishida deputatlar tomonidan kun tartibidagi 7 ta masala koʻrib chiqildi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabgi to'rtta masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangiobod tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri N.Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-31-sonli qarorining 19-bandi ijrosi toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi.
Xususan, 2023-yilning noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual hamda Xalq qabulxonalariga jami 208 ta murojaatlar yoʻllangan boʻlib, ularning 52 tasi tasnifiga koʻra mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha hokim yordamchilarining faoliyati bilan bogʻliq murojaatlarni tashkil etgan. Joriy yilning noyabr oyida murojaatlarning yoʻllanishi oktabr oyiga nisbatan 53 tadan 52 taga (2 foiz) kamaygani ta'kidlandi.
Kelib tushgan 52 ta murojaatlarning 21 tasi ijobiy hal qilingan, 7 tasi huquqiy maʼlumot berish orqali hal qilingan, 5 tasiga tushuntirish berilgan, 5 tasi uzoq muddatli nazoratga olingan, 14 tasi oʻrganish jarayonida qoldirilgan. Noyabr oyida 1 ta shikoyat kelib tushgan.
Sessiya kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i T.Shodmonqulov so'zga chiqib, Yangiobod tumanining 2024-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala ko'rib chiqildi.
Sessiyada ushbu masala deputatlar tomonidan muhokama etilib, Yangiobod tumani mahalliy byudjetining daromadlari 28 271,048 mln.soʻm, xarajatlari 73 848,054 mln.soʻm miqdorda, respublika byudjetidan tuman mahalliy byudjetiga ajratiladigan transfertlar 49 233 006,0 mln.soʻm miqdorida tasdiqlandi. Shuningdek, 2024-yil uchun tumanning daromadlar prognoz reja koʻrsatkichlari ham tasdiqlandi.
Sessiya kun tartibidagi 3-masala yuzasidan Yangiobod tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig'i A.Suyunov so'z olib, Yangiobod tumanida yuridik va jismoniy shaxslarning egaligida boʻlgan qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar boʻyicha bazaviy soliq stavka miqdorlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala ko'rib chiqildi.
Ushbu masala atroflicha ko'rib chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429-moddasiga muvofiq Yangiobod tumani uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasi asosida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koyeffitsiyentlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 437-moddasiga muvofiq mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida yer uchastkalariga ega boʻlgan jismoniy shaxslar (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlar mustasno) boʻyicha mutlaq miqdorda 1 kv.m. uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koyeffitsiyentlar tasdiqlandi.
Sessiya kun tartibidagi 4-masala yuzasidan tuman hokimi oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Sh.Rayimovaning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi “Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 145-sonli qarori ijrosi toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi.
Xususan, tumanda “Ayollar daftari” roʻyxatini shakllantirish boʻyicha tuman Shtabi tashkil etilgan. Tuman shtabi aʼzolari tomonidan 30 yoshdan oshgan 6312 nafar xotin-qizlar xatlovdan oʻtkazilib, “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritish uchun 890 nafar xotin-qizlar roʻyxati shakllantirilgan. Oʻtkazilgan muhokamalar asosida 857 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar 5 ta toifa boʻyicha “Ayollar daftari”ning 4-bosqich roʻyxatiga kiritilgan.
Jumladan, 1-toifa Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar 128 nafar, 2-toifa Tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar 90 nafar, 3-toifa Boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlar 247 nafar, 4-toifa I, II guruh nogironligi boʻlgan hamda tezkor tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlar 281 nafar, 6-toifa Qaramogʻida nogironligi boʻlgan farzandi mavjud xotin-qizlar 111 nafar.
Joriy yil davomida “Ayollar daftari”ning 1-toifasiga kiritilgan 128 nafar xotin-qizlarning 4 nafari doimiy, 6 nafari vaqtinchalik ish oʻrinlariga joylashtirilgan, 57 nafari oʻzini-oʻzi band qilish orqali, 43 nafari tomorqasidan erkin daromad olishini taʼminlash orqali bandligi taʼminlangan, 16 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga oʻqitilgan, 2 nafariga subsidiya ajratilgan.
2-toifaga kiritilgan 90 nafar xotin-qizlarga “Mikrokreditbank” Zomin filiali hamda “Xalq banki” Zomin filiali tomonidan 634 mln soʻmlik kreditlar ajratilgan.
3-toifadagi 247 nafar xotin-qizlarga 163 mln soʻmlik bir martalik moddiy yordamlar ajratilgan. Bundan tashqari 65 nafar xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.
4-toifa roʻyxatiga kiritilgan 281 nafar xotin-qizlarga 177 mln soʻmlik bir martalik moddiy yordam ajratib, 40 nafar xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.
6-toifaga kiritilgan 111 nafar xotin-qizlarga 69,6 mln soʻmlik bir martalik moddiy yordam ajratilgan. 36 nafar xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.
Bundan tashqari “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan 8 nafar xotin-qizlar “Umra” safariga bepul yuborilgan, 8 nafarining sanatoriyada davolanish xarajatlari qoplab berilgan, 13 nafariga reabilitatsiya vositalari ajratilgan.
Sessiya kun tartibidagi 5-masala yuzasidan tuman qishloq xo'jaligi bo'limi boshlig'i o'rinbosari S.Ernazarov so'zga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-sonli qarori ijrosini taʼminlash toʻgʻrisidagi axborotini o'qib eshittirdi.
Ma'ruzada ta'kidlandiki, tuman hokimligining 2023-yil 7-noyabrdagi 05-89/2-sonli xati bilan tumanning Balandchaqir va Sovot mahallalari hududidan 285,1 gektar yer maydonlarini qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun ochiq elektron tanlov orqali jismoniy va yuridik shaxslarga ajratish yuzasidan takliflar kiritilgan. Sessiyada ushbu kiritilgan takliflar muhokama qilinib, ma'qullandi.
Sessiya kun tartibidagi 6 va 7 masalalar yuzasidan tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi bosh mutaxassisi J.Isroilov so'zga chiqdi va tumanda ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti yaxshilangan oilalarni “Temir daftar”dan chiqarish toʻgʻrisidagi hamda “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi takliflari ko'rib chiqildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan xalq depetatlari tuman Kengashi deputatlari muzokaraga chiqib, oʻz taklif va fikrlarini bildirib oʻtdilar.
Yakunda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashining navbatdagi 65-sessiyasi oʻz ishini yakunladi.