Toʻlov intizomini va shartnomaviy majburiyatlar ijrosini taʼminlashga qaratilgan yangi institut – “Majburiyatlar reyestri” instituti joriy etilmoqda.
Ushbu reyestrni 2024-yil dekabrdan boshlab Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritilishi rejalashtirilgan.
Majburiyatlar reyestrini ishlash tartibi va ahamiyati nimadan iborat?
Avvalambor, sud qarori bilan majburiyat yuklatilgan shaxsning yoki tashkilotning pul mablagʻi yoki mol-mulki yoʻqligi uni sud qarorini bajarishdan ozod qilmaydi, balki ushbu qarzdor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Majburiyatlar reyestriga kiritiladi.
Reyestrga kiritilgan qarzdorning mulkiy huquqlariga oid cheklovlar saqlanib qoladi va olib tashlanmaydi. Biroq, kelajakda qarzdorning mol-mulki yoki mablagʻlari aniqlanganda, tegishli majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi.
Majburiyatlar reyestriga kiritilgan qarzdor oʻz majburiyatini bajarganda yoki ijro hujjati bekor boʻlganda, qarzdor bankrot deb topilganda yoxud 10 yil davomida uning mol-mulki aniqlanmaganda, qarzdorning arizasiga koʻra, maʼlumotlar Reyestrdan chiqariladi.
Taʼkidlash kerakki, ushbu chora undiruvchilarning qonuniy manfaatlari taʼminlanishining muhim kafolati hisoblanadi hamda sud qarorlarining soʻzsiz ijro etilishiga xizmat qiladi.
X.B.Xazratqulov,
Byuroning Yangiobod tuman boʻlimi boshligʻi
adliya kichik maslahatchisi