Yangiobod tumani hokimligi majlislar zalida mahallani qo'llab-quvvatlash Kengashining tashkiliy yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev raisligida bo'lib o'tgan yig'ilishda tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish bo’limi, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tuman rahbari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangiobod tuman bo‘linmasi rahbari hamda barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va ma'halla mas'ullari ishtirok etishdi.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-402-son Qarori hamda “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-209-sonli Farmonida belgilangan muhim vazifalar to'g'risida so'z bordi.
Shuningdek, mazkur Farmon va Qaror bilan mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasiga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishda ko‘maklashishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar belgilab berildi.
Ularga ko'ra, Respublika, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharlari, shuningdek tuman va shaharlarda Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarini tashkil etish va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga tegishincha respublika kengashi, hududiy kengashlarga jamoatchilik asosida raislik qilishlari belgilandi.
Tadbirda mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini yanada kuchaytirish, mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo'linmasi rahbari Sabohat Abdurahmonova davlatimiz rahbari raisligida 2023-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan mahalla tizimi faollari zimmasidagi ustuvor vazifalar haqida aytib o'tdi.
Shundan so'ng, mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jizzax viloyat Kengashi tashkiliy yig‘ilishida ishtirok etish uchun delegatlar saylab olindi.