Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Majlisda Xavfsizlik kengashi aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qoʻmondonlari, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish borasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlarning natijalarini tahlil qildi.
Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining bu yoʻnalishdagi faoliyati tanqidiy koʻrib chiqildi, mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
Harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish, milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy-maʼmuriy sektorlar va mudofaa sanoati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi oʻta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida taʼkidlandi.
– Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur, – dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini qayta koʻrib chiqish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Navqiron avlod vakillarining yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, ular oʻz intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratish muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Hozirgi kunda Qurolli Kuchlarning zamonaviy infratuzilmasi negizida va monomarkazlarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Davlatimiz rahbari bu yoʻnalishdagi tadbirlarni kengaytirib, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish va mehnat faoliyatini boshlashi uchun subsidiyalar orqali qoʻllab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida media makonda olib borilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ishlarni kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.
Majlisda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, qoʻshinlarning harbiy tayyorgarligini oshirish hamda harbiy ilm-fanni rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Oliy Bosh Qoʻmondon jangovar tayyorgarlik tizimini innovatsion va ilmiy yondashuvlar asosida yanada takomillashtirish, axborot almashinuvi va qarorlar qabul qilish boʻyicha zamonaviy harbiy va ilmiy ishlanmalarni amalga keng joriy etish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Yigʻilishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash milliy xavfsizlik sohasidagi muhim vazifa boʻlib qolishiga urgʻu berildi.
Bu borada Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarini raqamlashtirishni jadallashtirish, vazirlik va idoralarning barcha axborot resurslarini yagona xavfsiz axborot makoniga birlashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Milliy armiyamizda va xalqimiz oʻrtasida kiberxavfsizlik borasidagi ogohlikni va raqamli madaniyatni oshirish boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish yuzasidan eng muhim vazifalar belgilab olindi.
Xavfsizlik kengashi yigʻilishida mamlakatimiz mudofaa sanoati majmuasini yanada rivojlantirish, davlat chegaralarini qoʻriqlash tizimini takomillashtirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarni prognoz va monitoring qilish, avariya va texnogen halokatlarning oldini olish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha ham dolzarb vazifalar koʻrsatib oʻtildi.
Prezidentimiz harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qolishini qayd etdi.
Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari barcha harbiylarni, butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi.