Ijtimoiy turmushda insonlar oʻzaro bir-birlari bilan muomala qilar ekan, ular orasida turli xil munosabatlar oʻrnatiladi. Ayrimlar sof, halol yoʻl bilan, oʻzgalar haqidan qoʻrqqan holda bu munosabatni oʻrnatsa, ayrimlar insonlarning soddaligi, ishonuvchanligini suiisteʼmol qiladi.
Firibgarlik jinoyati - iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar toifasiga kirib, unga amaldagi Jinoyat kodeksining 168-moddasida taʼrif berilgan. Mazkur taʼrifga koʻra, firibgarlik - aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqini qoʻlga kiritishdir.
Jinoyat kodeksining mazkur moddasiga koʻra, firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxs:
— Bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima;
— 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
— 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Shuningdek, firibgarlikning miqdori, takroriyligi, sodir etgan shaxslar, sodir etish vositasidan kelib chiqib javobgarlik chorasi ogʻirlashishi mumkin.
Firibgarlik kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan boʻlsa:
— BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
— 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash;
— 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa:
— BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima;
— 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agarda, firibgarlik uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa:
— BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima;
— 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.
Hozirgi kunda axborot texnologiyalari, internet orqali amalga oshirilayotgan firibgarliklar ham koʻp uchrayapti. Soʻnggi 20 yilliklarning yana bir firibgarligi – bu farzandining oliy oʻquv yurti talabasi boʻlishi orzusidagi ota-onaga nisbatan qilinmoqda.
Xoʻsh, bunday jinoyatlarning kelib chiqish sabablari nimada?
Firibgarlar domiga tushayotganlar shunchalik soddami yoki firibgarlar boshqalarni oʻta goʻl hisoblashadimi?
Firibgarlik jinoyatini sodir etish uslublari diqqatimizni tortdi. Sodir etilgan firibgarliklardan pul oldi-berdisi, chet elga ishga yuborishni vaʼda qilish, oʻqishga kiritishga doir aldovdir koʻpayib ketgan.
Mazkur jinoyatlarni koʻpi ayollar, muqaddam sudlanganlar ishlamaydiganlar firibgarlikka qoʻl urga.
Firibgarlikning huquqiy tavsifi Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasiga koʻra, oʻzgani aldash yoki uning ishonchini suiisteʼmol qilgan holda uning mulkini yoki mulkiga boʻlgan huquqini qoʻlga kiritish firibgarlik hisoblanadi. Firibgarlik boshqa mulkiy jinoyatlardan farqi – firibgarlikda jabrlanganlar firibgarga
mol-mulkini, mol-mulkka boʻlgan huquqini oʻz xohishi bilan topshiradi.
Fuqarolar mablagʻlarini oʻzlari olib kelib bergan boʻlsa-da, firibgarga jazo tayinlanadi.
Fuqarolar pullarini oʻz qoʻllari bilan olib kelib beradi. Ular yengil boyib ketish, mulkka egalik qilish maqsadida shunday harakatlarni sodir etishadi. Firibgarlar maʼlum bir sohani egallab, bilimga ega boʻlishadi. Shuningdek, ularda aktyorlik qobiliyati ham boʻladi. Shu sababli firibgarlik aqlli jinoyatlar turiga kirib, uni aql-zakovatli insonlar sodir etadi.
Bugungi kunda firibgarlikka qoʻl urgan shaxsni, aybi isbotlansa, nimalar kutmoqda? Unga qanday jazo muqarrar?
Firibgarlik jinoyati tarkibini oladigan boʻlsak, obyektiv va subyektiv tomoni boʻladi. U boshqa fuqarolik munosabatlaridan farqli oʻlaroq, fuqaro jabrlanuvchining mulkiga egalik qilishni oldindan qasd qilishi kerak. Firibgarlar tergov qilinganda juda kamdan-kam holatda firibgarlik qilish niyati boʻlganini tan oladi. Jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandan keyin soʻroq jarayonida hujjatlar taqdim qilinadi, hujjatlarning qayerida kamchiligi borligi tekshiriladi. Gumonlanuvchi shaxs jabrlanganlar bilan yuzlashtirilganda
Firibgarlik uchun qanday jazo belgilangan?
Jinoyat kodeksining 168-moddasida koʻrsatilgan firibgarlik
5 ta qismga boʻlingan. Ularning 4 ta qismida jinoyatni qaysi hollarda ogʻirlashtiruvchi malakalash koʻrsatilgan. Beshinchi qismida yengillashtiruvchi holatlar bayon qilingan. Yaʼni jinoyat sodir qilingandan keyin yetkazilgan zarar toʻliq qoplansa, ayblanuvchi, gumonlanuvchi yoki sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilmasligi mumkin.
Oxirgi nuqta sudning qarori bilan qoʻyiladi. Jinoyat kodeksida firibgarlik jinoyati uchun maksimal 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi.
Firibgarlik turlari
Hozirda koʻp uchraydigan firibgarlik turlaridan biri – chet elga ishga joʻnatish, chet eldagi 3-shaxslardan sizning maʼlum miqdordagi pul mukofotini yutib olganingiz haqidagi keladigan xatlar hisoblanadi. Shuningdek, xayriya mablagʻlari uchun tashkil qilingan plastik kartalardan pul yechib olish holatlari ham boʻlyapti.
Yer, uy oldi-sotdisi boʻyicha firibgarliklar ham koʻp uchrab turadi.
Firibgarlar hokimiyatda tanishi borligini aytib, uy olib berishga ishontirib, odamlarning pullarini olib qoʻyish holatlari kuzatilmoqda. Shuningdek, oʻqishga yoki ishga kiritish maqsadida ota-onalarni ishontirib, pul olish holatlari ham oxirgi vaqtda koʻp uchrab turibdi.
Firibgarlik shaxsiyat muammosimi yoki jamiyat?
Jamiyat individuallikdan shakllangan. Yaʼni bitta xususiylik vujudga kelib umumiylikka aylangan. Shu xususiylikning ichida tovlamachilik, firibgarlik, birovning haqidan qoʻrqmaslik urugʻlansa, bu yuqumli boʻladi. “Ahmadboy voqeasi”da ham bir kishi kelib, shu ishni qildi. Juda katta natijaga erishdim deganidan keyin unga boshqalar ergashdi. Bu olomon psixologiyasi deyiladi.
Qachonki, jamiyatning ichida filtr, yaʼni oʻz xavfsizligini taʼminlash, qonun ustuvorligiga shaxsan har bir inson oʻzi javobgar ekanligi tan olinmagan taqdirda olomon psixologiyasi ishlab ketadi.
Firibgarlik qanday paydo boʻladi?
Bola oʻz qarorini, tahliliy fikrlash qolbiliyatini yoʻqqa chiqarib tarbiyalansa, unda firibgarlikka moyillik paydo boʻladi. Bola biror narsaga duch kelganda bu nima, bu qonuniymi, menga kerakmi, degan tanqidiy savollarga javob berishi kerak. Bolada bu narsa yoʻq qilinsa, filtr yoʻqoladi. Bolaga biror kishi biror narsani taklif qilganda, bola oʻz chegarasini bilib, taklif qilingan narsani inkor qila olishi kerak.
Farzanddagi shu chegaraning ichida “mening oriyatim bor, mening mulkim bor”, degan inkor qilish qobiliyatini ota-ona shakllantirmasa, jamiyatda shakllanishi juda qiyin boʻladi. Bu qobiliyat faqatgina yoʻqotishlar, azoblanishlar bilan shakllanadi yoki shakllanmay, oʻsha firibgarlikka duchor boʻlgan insonning oʻzi ham boshqalarga firibgarlik qilib, yoʻqotganlarini qaytadan topish ilinji bilan yashashni boshlaydi.
Jamiyatning rivojlanishi ota-onalarga bogʻliq.
Ular farzandlariga rahm, mehr, qonun ustuvorligi tuygʻusini tarbiya asosi qilishsa, bola hayotda oʻzi ham tovlamachi ham, jabrdiyda ham boʻlmaydi.
Oson yoʻl bilan pul topish targʻiboti – notoʻgʻri
Televideniyeda mehnat qilmasdan erishiladigan kir yuvish mashinasi yutib olishga, yengil avtomobil sohibiga aylanishga targʻib boʻlyapti. Televideniye, radio bir xil yoʻnalishga oʻtib olishgan.
Inson oʻzini aldamasligi kerak. Har bir imzo, har bir qadam tahlil orqali qoʻyilishi kerak. Aldanmaydigan insonlar koʻp boʻlsa, aldaydiganlar hech nima qilolmaydi.
Fuqarolar firibgarlar domiga qanday ilinib qolmoqda?
Firibgarlarning oʻzlari ham oʻzlarini “firibgar” deb bilishadimi, tan olishadimi? Yoʻq, albatta. Ularning hech biri qilmishini tan olmaydi, aksincha, maqsadi odamlarga yordam berish boʻlganini taʼkidlashadi.
Biz jamiyat sifatida maqsadga kimnidir aldash yoki qaysidir firibgarga murojaat qilish bilan emas, mushkul va murakkab
koʻrinsa-da, halol mehnat orqali erishishni targʻib qilishimiz, farzandimizni toʻgʻri yoʻnaltirishimiz lozim.
Soʻngi soʻzimiz esa, firibgarga aldanmang, oʻzingizni va yaqinlaringizni asrang!
B.Mamadaminov,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Yangiobod tuman sudining raisi