Joriy yilning 2-may kuni Yangiobod tumani hokimligi majlislar zalida Jizzax viloyat hokimligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat shoʻbasi boshligʻi Soyibnazar Meliboyev, viloyat hokimligi yuridik boʻlimi boshligʻi Gulnora Hamrayeva hamda hokimlik mas'ul xodimlari ishtirokida seminar bo'lib o'tdi.
Hokimlik ish rejasiga asosan, hokimlik mutaxassislariga amaliy yordam berilgan holda oʻtkazilgan oʻrganish natijalaridan soʻng tashkil etilgan seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2733-son qarori va ushbu qaror asosida tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati toʻgʻrisidagi Nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 10-fevraldagi 6166-sonli Farmoni va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga oid “E-qaror” elektron tizimiga qaror va farmoyishlar kiritilish tartiblari to'g'risida tushunchalar berildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasning “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida” gi Qonun, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunlari, manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish boʻyicha Nizom, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 595-sonli qarori va odob-axloq qoidalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi ”Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 829-sonli qarorining mazmun mohiyati ham tushuntirildi.
Seminar jarayonida hokimlik xodimlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berilib, ularning taklif va mulohazalari muhokama qilindi.