Istiqlol yillari mamlakatimizning izchil taraqqiyoti, inson manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaralari Namangan viloyatida ham oʻz ifodasini topmoqda. Yangiobod tumanida olib borilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, mahallalar infratuzilmasining yaxshilanayotgani natijasida mahalla va ko'chalar qiyofasi tobora ko'rkam tusga kirmoqda.
Yangiobod tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2023 — 2025-yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-146-son qaroriga asosan bir qator ijtimoiy soha obeʼyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, yoʻl va muhandislik kommunikasiya tarmoqlarini rivojlantirish choralari belgilangan boʻlib, bu borada tumanda bir qator amaliy ishlar olib borildi.
Xususan, “Yangiobod” SHFY hududidagi tuman tibbiyot birlashmasi qoshida aholi uchun tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida 50 qatnovli ko'p tarmoqli poliklinika binosi bunyod etildi. Ushbu binoning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyev, viloyat hokimi o'rinbosari Latibjon Axmadjonov, shifokorlar, deputatlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, poliklinika binosi va undagi yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. 1 mlrd 250 mln soʻm mablag' evaziga qad koʻtargan ushbu tibbiyot muassasada stomatolog, kardiolog, pediatr, terapevt, genekolog, endokrinolog kabi qator yoʻnalishlar boʻyicha malakali vrachlar xizmat koʻrsatadi. Tuman hokimi mahalla faollari va tibbiyot xodimlariga yuzlanar ekan, soʻnggi yillarda yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida toʻxtalib, ushbu tibbiyot maskani ham aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlidagi saʼy-harakatlar mahsuli ekanini taʼkidladi.
Jamoatchilik vakillari yangi shifo maskanini koʻzdan kechirar ekan, oʻz xursandchiliklarini yashirib oʻtirishmadi.
Shuningdek, tumanda aholini toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ushbu sohada yillar mobaynida yigʻilib qolgan muammolarni bartaraf etish borasida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bugun Sarmich mahallasida 2 ta suv inshootlari foydalanishga topshirilib, bu mahalla ahli uchun chinakam bayram sovg'asi bo'ldi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyev ishtirok etib, barchani bugungi xursandchilik bilan qutladi. Yig'ilganlar mahallada amalga oshirilayotgan bunday o'zgarishlar va ezgu ishlar uchun davlatimizdan minnatdor bo'lishib, shukronalar aytishdi.
Mazkur loyiha doirasida Sarmich koʻchasida 2,3 km hamda Turonshox koʻchasida 1,7 km tarmoq tortilib, suv quduqlarining ishga tushishi natijasida Dasht hamda Qatorbogʻ koʻchalaridagi 120 dan ortiq xonadonlarning toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojlari qondiriladigan bo'ldi.
Bundan tashqari, Yangiobod tumanida olib borilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, jumladan, transport vositalari va piyodalar harakati uchun qulayliklar yaratish maqsadida yo'l infratuzilmasining yaxshilanayotgani natijasida mahalla va ko'chalar qiyofasi tobora ko'rkam tusga kirmoqda. Birgina joriy yilning o'zida tumanda 45 km.dan ortiq asosiy va ichki yo'llarga asfalt yotqizilib, 35 km.dan ortig'i esa shag'allashtirildi. Xususan, “Yangiobod tumanidagi mahallalarda birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”ga asosan tumanning Balandchaqir MFY hududidagi Mustaqillik ko'chasining 2 km.dan ortiq qismiga asfalt yotqizilib, bu yangilik mahallada chinakam bayramga aylanib ketti.
Yurtimiz taraqqiyoti va xalq farovonligi yo'lidagi bu islohotlar - albatta, mustaqilligimiz mevasidir!
Dilmurod Rajabov,
Yangiobod tumani hokimligi
Axborot xizmati rahbari