O’zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati Kengashi raisi Murodbek Rahmonberdiyevning talabalarga yo'llagan bayram tabrigi
Qadrli talabalar!
Barchangizni 17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Talabalik umrning beg‘ubor fasli, katta hayot sari qadam qo‘yish ostonasi, ulkan orzu-umidlar davri ekanligini his qilgan holda yangi maqsadlar sari harakat qilishingizga tilakdoshman.
Yuqori salohiyatli, ziyoli va bilimli yoshlar har jabhada biz uchun kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi. Bu borada muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, azmu shijoatli, iqtidorli yigit-qizlarning o‘z sohasida, jamoat ishlarida erishayotgan yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga katta ahamiyat berilmoqda.
Viloyatimiz talabalarining respublika va jahon miqyosida erishayotgan yutuqlari tahsinga sazovor. Viloyatimiz talabalari “Shuhrat” medali, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medali kabi davlat mukofotlari bilan taqdirlanmoqdalar, Prezident va nomdor davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lmoqdalar.
Bugungi kunda mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azmu shijoatli yoshlarimizning, siz aziz talabalarimizning o‘rningiz va va ta'siringiz tobora ortib borayotganligi ayni haqiqatdir.
Viloyatimizdagi 5 ta OTMlarda taxsil olayotgan 35 851 nafar talabalarimiz uchun bugun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Ushbu oliy ta’lim muassasalarida 59 nafar fakultet va yo’nalish koordinatorlari faoliyat yuritib kelmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Ana shunday e'tibor va g‘amxo‘rlik tufayli viloyatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida “Talabalar shaxmat xonalari”, “Talabalar kutubxonasi” tashkil etildi, o’tgan 2022-2023 o’quv yilida 126 nafar talaba yoshlarimizga to’lov-shartnoma mablag’ining 35 % qismi uchun O’zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan 317 152 974 so’m mablag’ to’lab berildi. Bu kabi amaliy ishlar davom ettiriladi.
Vatanimiz, el-yurtimiz sizlar kabi fidoyi va jasur farzandlari bilan hamisha faxrlanadi!
Aziz talabalar!
Bugungi kunda zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallash har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi shartiga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Ana shu haqiqatni chuqur anglagan holda, biz navqiron avlodimizning ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etmoqdamiz.
Iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun viloyatimizda Yoshlar texnoparklari barpo etildi. Bugun “Besh tashabbus olimpiadasi” qatorida “Yosh olimlar” amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlari, ko’plab intellektual va sport tadbirlari tashkil etilmoqda.
Barchamiz guvohmiz – bugun dunyo misli ko‘rilmagan sur'atlar bilan keskin o‘zgarib bormoqda. Ijtimoiy hayotimizda ko‘plab ijobiy jarayonlar bilan birga, yosh avlodning qalbi va ongini egallashga qaratilgan ma'naviy tahdidlar ham tobora xavfli tus olmoqda.
Bunday murakkab vaziyatda talaba yoshlarimizni zararli ta'sirlardan asrash, doimo hushyor va ogoh bo‘lib yashash eng dolzarb vazifamiz bo‘lib qolmoqda.
Yoshlarimizni ona Vatanimizga, mustaqillik g‘oyalariga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning iste'dod va qobiliyatini, ezgu intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida boshlagan katta ishlarimizni bundan buyon ham qat'iyat bilan davom ettiramiz.
Aziz talabalar, hech qachon unutmang, xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlarni kutmoqda.
Shu muqaddas ishonch va mas'uliyatni har tomonlama oqlash, unga munosib bo‘lish – dunyodagi eng ulug‘ baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf barchangizga nasib etsin!
Sizlarni bugungi – Talabalar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, o’qish va ishlaringizga omad tilayman. Ilm yo‘lida chekkan mashaqqatlaringizning yuksak natijalarini ko‘rish va yetuk salohiyatli kadr bo‘lishingizga tilakdoshman.
MURODBEK RAHMONBERDIYEV,
O’zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati
Kengashi raisi, Xalq deputatlari Jizzax viloyati
Kengashi deputati, Yoshlar siyosati, Xotin-qizlar
va gender tenglik masalalari komissiyasi raisi o’rinbosari