Yangiobodda yangi poliklinika qurilib, foydalanishga topshirildi
Yangiobod tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2023 — 2025-yillarda jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-146-son qaroriga asosan bir qator ijtimoiy soha obeʼyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, yoʻl va muhandislik kommunikasiya tarmoqlarini rivojlantirish choralari belgilangan boʻlib, bu borada tumanda bir qator amaliy ishlar olib borildi.
Xususan, “Yangiobod” SHFY hududidagi tuman tibbiyot birlashmasi qoshida aholi uchun tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida 50 qatnovli ko'p tarmoqli poliklinika binosi bunyod etildi.
Ushbu binoning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyev, viloyat hokimi o'rinbosari Latibjon Axmadjonov, shifokorlar, deputatlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, poliklinika binosi va undagi yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
1 mlrd 250 mln soʻm mablag' evaziga qad koʻtargan ushbu tibbiyot muassasada stomatolog, kardiolog, pediatr, terapevt, genekolog, endokrinolog kabi qator yoʻnalishlar boʻyicha malakali vrachlar xizmat koʻrsatadi.
Tuman hokimi mahalla faollari va tibbiyot xodimlariga yuzlanar ekan, soʻnggi yillarda yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida toʻxtalib, ushbu tibbiyot maskani ham aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlidagi saʼy-harakatlar mahsuli ekanini taʼkidladi.
Jamoatchilik vakillari yangi shifo maskanini koʻzdan kechirar ekan, oʻz xursandchiliklarini yashirib oʻtirishmadi. Shuningdek, tibbiyot muassasaning foydalanishga topshirilishi tuman aholisi uchun Bosh qomusimiz qabul qilinganining 31 yilligiga oʻziga xos sovgʻa boʻldi.