Bandlik va tadbirkorlik sohalaridagi takliflar muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-yanvar kuni aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Rasmiy statistikaga koʻra, yurtimizda ishsizlar soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qiladi. Bu yil yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi.
Shularni inobatga olib, sifatli va yuqori daromadli ish oʻrinlari hisobiga joriy yilda 5 million aholining bandligini taʼminlash maqsad qilingan. Jumladan, xizmatlar sohasida 2,5 million, qishloq xoʻjaligida 2,1 million, investitsiya loyihalari va sanoatda 250 ming, qurilishda 140 ming ish joyi yaratish imkoniyati bor.
Bundan tashqari, zamonaviy moliyaviy instrumentlar, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini keng joriy qilish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish koʻzda tutilmoqda.
Taqdimotda mutasaddilar 2024-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish dasturi boʻyicha axborot berdi.
Davlatimiz rahbari bu dasturni maʼqullab, uni amalga oshirish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.
Soʻnggi yillarda 2 million 400 ming aholi oʻzini oʻzi band qilgani taʼkidlanib, endi ularning faoliyatini kengaytirish, bosqichma-bosqich kichik biznesga oʻtkazish va bozor topishiga koʻmaklashish muhimligi aytildi. “Mening biznesim” platformasi, “Biznesga birinchi qadam” bank kartalari joriy etilishi buning uchun qulaylik yaratadi.
Iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yerlarni infratuzilmaga ulash, loyihalarni ishga tushirish uchun tashabbuskorlarni qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. “Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinib, bu yil 15 ming gektar yer maydonlari auksionga chiqarilishi belgilandi.
Mehnat stajiga ega boʻlmagan shaxslarni kasb-hunarga oʻqitish, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni ishga olgan korxonalarga soliq boʻyicha yengilliklar qoʻllash muhimligi ham aytib oʻtildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha qoʻshimcha zaxira va imkoniyatlarni aniqlash vazifasi qoʻyildi.
Taqdimotda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash tartibini soddalashtirishga oid takliflar ham koʻrib chiqildi.
Maʼlumki, bu yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilindi. Biznesni yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
Aytish joizki, shu paytgacha tadbirkorlardan mavjud maʼlumotlarni qoʻshimcha ravishda talab qilish holatlari bor edi. Joriy yildan boshlab 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million soʻm xarajati tejaladi.
Oʻzi umuman, tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona roʻyxati tasdiqlanmagan. Shu bois davlatimiz rahbari yagona hisobotlar tizimini joriy qilish boʻyicha topshiriq berdi.
Shuningdek, tadbirkorlarga majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16 ta litsenziya va ruxsatnomani bekor qilish lozimligi belgilandi.
Bu borada berilayotgan yengilliklarni tadbirkorlarga yetkazish, ularning takliflarini doimiy oʻrganib, statistik hisobotlarni yanada maqbullashtirib borish vazifasi qoʻyildi.