Телефонлар:
(0372) 542-11-11
(0372) 542-11-45
» » Makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi

16 январь 2024 йил
246
0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-yanvar kuni 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

2023-yilda mamlakatimizda iqtisodiy oʻsish 6 foizni tashkil qildi. Jumladan, sanoat 6, xizmat koʻrsatish 6,8, qurilish 6,4, qishloq xoʻjaligi 4,1 foiz oʻsgan.

Bu yil yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 6 foizga koʻpaytirib, 100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Yigʻilishda shu boradagi vazifalar, zaruriy chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari buning uchun, avvalo, eng katta islohotchi boʻlgan iqtisodiy kompleks xodimlari juda qattiq ishlashi kerakligini taʼkidladi.

Masalan, umumiy sanoat hajmi oʻsgani bilan, ishlab chiqarishda qoʻshilgan qiymat 40 foizdan oshmayapti. Bular asosan importga qaramlik, energiya isteʼmoli yuqoriligi va ortiqcha xarajatlar koʻpligi sababli boʻlmoqda.

Shu bois iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun “2024-yil – tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili” boʻlishi lozimligi taʼkidlandi. Xaridlar va logistikani maqbullashtirish, energiya resurslarini tejash va raqamlashtirish orqali qancha xarajatni kamaytirish mumkinligi tarmoqlar kesimida koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilda yirik tarmoqlarda qoʻshilgan qiymatni 45 foizdan oshirish, tannarxni 15 foizga kamaytirish, jami sanoatda 7 foiz oʻsishni taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, iqtisodiy kompleksdagi rahbarlar faoliyatini oylik, choraklik va yillik samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) bilan bogʻlash, oʻrinbosarlar sonini koʻrib chiqish taklifi ilgari surildi.

Yigʻilishda moliyaviy intizom masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Oʻtgan yili ayrim davlat korxonalari tomonidan dividend va soliq toʻlovlari boʻyicha byudjetga 8 trillion soʻm tushum taʼminlanmagan. Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida soliq tushumlari 20 foiz oʻsgan boʻlsa, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryoda bu koʻrsatkich 7 foizga ham yetmagan.

Bunday holatlar hududiy soliq boʻlimi boshliqlari va oʻrinbosarlari, mahalladagi soliqchilarning ishi sustligini koʻrsatadi. Shu bois bu tizim qayta koʻrib chiqilib, yangi yoʻnalishlar belgilandi.

Birinchi yoʻnalish – 40 mingta byudjet tashkiloti bilan ishlash vazifasi tumanlardan Soliq qoʻmitasida yangi tashkil qilinadigan Tumanlararo byudjet tashkilotlari inspeksiyasiga oʻtkaziladi. Ushbu inspeksiya toʻliq raqamlashgan boʻladi va Gʻaznachilik elektron tizimiga integratsiya qilinadi.

Ikkinchi yoʻnalish – Qoʻmitada soliq qarzini undirish boʻyicha ham tumanlararo inspeksiya tashkil etiladi. Unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi. Buning hisobiga, tumanlardagi qoʻshimcha 200 nafar soliqchini mahallabay ishlashga oʻtkazish imkoni boʻladi.

Uchinchi yoʻnalish – respublika soliq tushumining 50 foizini beradigan 80 ta eng yirik korxona va 35 ta tijorat banki bilan ishlaydigan alohida tizim boʻladi. Buning uchun Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha inspeksiya tarkibida yangi tuzilma tashkil qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bevosita ishlaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga soliqlar tushumini oʻz vaqtida taʼminlash, korxonalar xarajati asossiz oʻsishining oldini olish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.

Bojxona sohasiga toʻxtalinar ekan, oʻtgan yili import boʻlgan tovarlarga salkam 60 trillion soʻmlik imtiyoz qoʻllangani, lekin ularning samaradorligi boʻyicha yetarli tahlil yoʻqligi qayd etildi. Shu bois imtiyoz bilan kirgan tovarlarni birma-bir oʻrganib chiqishga koʻrsatma berildi.

Byudjet tushumi uchun yana katta zaxiralar bu – xususiylashtirish va yerlarni auksion orqali sotishdir. Lekin xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 484 ta davlat aktivi savdoga chiqarilmay turibdi.

Masalan, savdoga qoʻyilgan oʻnlab don korxonalari sotilmasdan turibdi. Negaki ularning bahosini belgilashda kamchiliklar bor.

Vazirlar Mahkamasiga bu boradagi qoloqliklarni bartaraf etib, joriy yilda 20 trillion soʻm tushumni taʼminlaydigan yangi xususiylashtirish dasturini tayyorlash topshirildi.

Oʻtgan yili yerlarni auksion orqali sotishdan 1 trillion soʻm tushum boʻlgan, 12 mingta yangi loyiha qoʻshilgan. Bunday imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida yil yakuniga qadar 70 ta, kelgusi yili barcha tumanlarning master rejalarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Bugungi kundagi eng dolzarb masala bu – yashirin iqtisodiyot. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdagi, xizmatlar, qurilish, sanoat sohalarida katta miqdordagi aylanma “soya”da qolmoqda.

Davlatimiz rahbari yashirin iqtisodiyot adolatli raqobatga, halol tadbirkorlar faoliyatiga toʻsiq boʻlayotganini aytib, qoʻshimcha choralarni koʻrsatib oʻtdi.

Hozirda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan 14 ta idora tarqoq holda shugʻullanmoqda. Bu ishlarni muvofiqlashtirish va kuchaytirish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakolatlari kengaytiriladi. Bu departament eng zamonaviy vositalar va yetuk mutaxassislar bilan taʼminlanib, uning huzurida ilmiy-tahliliy va oʻquv markazi ochiladi. Shu bilan birga, Bosh prokuraturada ham yashirin iqtisodiyot boʻyicha alohida boshqarma va uning hududiy boʻlimlari tashkil qilinadi.

Yigʻilishda byudjet xarajatlarining samaradorligi masalasi ham koʻrib chiqildi.

Oʻtgan yili byudjetdan 1,2 trillion soʻmlik noqonuniy xarajat hamda 200 milliard soʻmlik kamomad va oʻgʻriliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan. Sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi sohalaridagi dasturlarga ajratilgan mablagʻlar toʻliq ishlatilmagan. Shuningdek, aslida ishlamaydigan xodim yoki bajarilmagan ish uchun haq yozish, asossiz ssuda yoki mukofot pullari olish kabi holatlar koʻpaygan.

Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyati qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois mazkur inspeksiya Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga oʻtkazilishi belgilandi.

Bu yil byudjetda koʻzda tutilgan 313 trillion soʻmlik xarajatni toʻgʻri sarflanishini nazorat qilish vazifasi qoʻyildi.

Inflyatsiyani kamaytirish masalasi ham dolzarb. Koʻrilgan choralar natijasida oʻtgan yili inflyatsiya 9 foizdan oshmadi.

Mahsulotlar inflyatsiyasini oziq-ovqatni koʻpaytirish orqali jilovlash mumkinligi taʼkidlanib, bu boʻyicha qishloq xoʻjaligi vaziri va hokimlarga koʻrsatmalar berildi.

Umuman, joriy yilda ham inflyatsiyani 9 foizdan tushirish choralari muhokama qilindi.

Bank tizimi barqarorligini taʼminlash, iqtisodiyotga kreditlar yoʻnaltirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Bozor mexanizmlari asosida kredit stavkalarini kamida 2-3 foizga tushirish boʻyicha dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda aholi bandligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu boʻyicha yaqinda qabul qilingan dasturni samarali amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Bandlik tizimiga kiruvchi kasbga tayyorlash muassasalari hamda tashqi mehnat migratsiyasidagi ishlar talab darajasida emasligi qayd etildi. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu kabi kamchiliklarni bartaraf etib, aholini kasbga oʻqitish va ish oʻrinlari yaratish yuzasidan qoʻshimcha topshiriqlar berildi.

Yigʻilish yakunida iqtisodiy kompleks rahbarlari, vazirlar va hokimlar joriy yilgi rejalari boʻyicha axborot berdi.

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар