O'zbekistonda 1-apreldan nimalar o‘zgaradi?
1. Bank ustav kapitalining eng kam miqdori oshiriladi.
Prezident 2023-yil 9-aprelda imzolagan qonunga ko‘ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdori 350 milliard so‘mni tashkil etishi kerak. Ilgari bank ustav kapitalining eng kam miqdori 200 milliard so‘mni tashkil etishi lozim edi. 2025-yil 1-yanvardan esa bu miqdor 500 milliard so‘mni tashkil etadi.
2. Ayrim yolg‘iz keksalarga poyezdga bepul chiptalar ajratiladi.
Prezidentning 2023-yil 27-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestriga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1 nafar shaxsga bir yilda bir marta temiryo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.
3. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida ayrim xizmatlar ko‘rsatiladi.
Prezidentning 2023-yil 27-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:
ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga ko‘ra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;
ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
4. Nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda rag‘batlantiriladi.
Prezidentning 2023-yil 25-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20 nafar shaxs aniqlanib, ularga ko‘maklashiladi hamda faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari belgilab beriladi.
Ushbu ko‘rsatkichlarni bajargan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda 5 mln so‘m miqdorida rag‘batlantirib boriladi.
Shuningdek, alohida ahamiyatga ega nomoddiy madaniy meros namunalarini yozib olish va keng tarqatish uchun har yili 50 ta audiovizual asar yaratishga davlat buyurtmasi beriladi.
5. Farzand tug‘ilgandagi suyunchi puli hammaga ham berilmaydi.
O‘zbekistonda 1-apreldan farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzand uchun barchaga, ikkinchi farzand uchun esa farzand tug‘ilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 70,3 foizi (hozirda 738 150 so‘m)ga teng.
6. Tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari sertifikatlanadi.
Prezidentning 2023-yil 28-avgustdagi farmoniga muvofiq, shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:
- tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari;
- qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.
Bunda mutaxassislarni sertifikatlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha ishchi organ funksiyasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kompetensiyani rivojlantirish institutiga yuklanadi.
7. “To‘siqsiz” mehmonxonalarga har bir xona uchun 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.
Prezidentning 2024-yil 12-yanvardagi qaroriga ko‘ra, 1-apreldan 2026-yil 1-aprelgacha mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar mehmonxonaning kamida 3 ta xonasini nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlasa, shuningdek, eshitishi va ko‘rishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar o‘rnatsa, ularga har bir maxsus jihozlangan xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:
- yulduzli toifadagi mehmonxonalarga — 2 million so‘m;
- yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga — 1 million so‘m.
8. “Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihasi amalga oshiriladi.
Prezidentning 2023-yil 25-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, tegishli manzillarda “Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihasi amalga oshiriladi.
Bunda:
- tegishli ko‘chalarda cholg‘u asboblari, rassomchilik va hunarmandchilik savdo rastalari tashkil etiladi;
- har chorak yakunida har bir hududdan 10 nafar faol ijodkor BHMning kamida 20 baravari miqdoridagi pul mablag‘lari bilan rag‘batlantirib boriladi.
9. “Madaniyat to‘lqinlari” media loyihasi doirasida eng yaxshi media mahsulotlarga pul mukofoti beriladi.
Prezidentning 2023-yil 25-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, media loyiha doirasida tanlov o‘tkaziladigan yo‘nalishlar va ularning konsepsiyasi belgilab berilib, jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va g‘oyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
10. Davlat xaridlari doirasida mahalliy ishlab chiqruvchilarga preferensiya beriladi.
Prezidentning 2024-yil 10-yanvardagi qaroriga ko‘ra, davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:
- 3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
- 2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz;
- 1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz.
11. Yuk va yo‘lovchilarni tashishda avtotransportlarga yul varaqalari elektron yuritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-yanvardagi qaroriga ko‘ra, 2024-yil 1-oktabrgacha Yuk va yo‘lovchilarni tashishda avtotransportlarga yo‘l varaqalarini elektron rasmiylashtirish va yuritish tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.
Bu davrda:
- elektron yo‘l varaqalari Transport vazirligining “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimining “Elektron yo‘l varaqa” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi va yuritiladi;
- elektron yo‘l varaqalari avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan mustaqil rasmiylashtiriladi;
- yo‘l varaqalarining qog‘oz shaklidan foydalanishni cheklamagan holda uning elektron ko‘rinishiga bosqichma-bosqich o‘tiladi;
- elektron yo‘l varaqalari tizimi shaxsiy yengil avtomobilida yo‘nalishsiz taksi sifatida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar uchun amal qilmaydi;
- mazkur tizim platformasini yaratish, joriy etish va unga xizmat ko‘rsatish uchun manfaatdor tashkilotlar (milliy operatorlar) tanlov asosida jalb etilishi mumkin;
- tizimdan foydalanganlik uchun yig‘im undirilmaydi.
12. Qisqa xabar: Tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi (prezident qarori).
13. Chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinishi bekor qilinadi.
Amaldagi xizmat qiymati 4000 so‘mni tashkil etsa, ushbu qiymatga nisbatan 1-apreldan 12 foiz miqdorda qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanganda jami xizmat qiymati 4480 so‘mni tashkil etadi.
Yuqoridagi o‘zgarish 2023-yil 28-dekabrdagi “Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra amalga oshirilmoqda.
14. Gazli va energetik ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etiladi.
Tarkibida shakar yoki shirinlashtiruvchilar bo‘lgan gazlangan ichimliklarga, shuningdek, energetik ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etiladi. Buni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar qonun hujjatlariga Soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan 2023-yil 28-dekabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan kiritildi.
Hujjatga ko‘ra:
- tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan hamda iste’mol qadog‘iga qadoqlangan gazlangan ichimliklarga (energetik va tonik ichimliklar bundan mustasno) litriga 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilanadi;
- ️energetik va tonik ichimliklar litri uchun esa 2000 so‘m.
15. QQS bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinadi.
Tibbiyot, veterinariya, kommunal xizmatlar va dori-darmon vositalarini realizatsiya qilishda QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.
1. Tibbiy xizmatlar. Tibbiy xizmatlarga, xususan, quyidagilar kiradi:
- tibbiy yordam va sanitariya xizmatlari;
- diagnostika, profilaktika va davolash xizmatlari;
- stomatologik xizmatlar, shu jumladan tish protezlari.
2. Veterinariya xizmatlari. Veterinariya xizmatlariga, xususan, quyidagilar kiradi:
- veterinariya xizmatlari, hayvonlarni tashxislash va davolash bo‘yicha xizmatlar;
- aholini hayvonlar va odamlar uchun umumiy kasalliklardan himoya qilish;
- O‘zbekiston hududini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilish;
- davlat veterinariya xizmati tomonidan nazorat qilinadigan tovarlarning veterinariya va veterinariya-sanitariya xavfsizligini ta’minlash.
3. Dori vositalari, shu jumladan, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlarni, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun xom ashyoni olib kirish.
Shuningdek, 1-apreldan yana ba’zi o‘zgarishlar bo‘ladi, xususan:
- Ai-80 benzini uchun aksiz solig‘i oshadi. Neft mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi aksiz solig‘i Ai-80 benzini mahsulotining 1 tonnasi uchun 303 000 so‘mdan 340 000 so‘mga (37 000 so‘mga), neft mahsulotlarini va suyultirilgan gazni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i Ai-80 benzin uchun mahsulotining 1 tonnasi uchun 565 000 so‘mdan 633 000 so‘mga (68 000 so‘mga) oshiriladi.
- Qo‘qon shahri aeroporti to‘liq ishga tushadi. Aeroport 2001-yildan beri fuqarolik samolyotlari uchun yopilgan va harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan.