Yangiobodda "Madaniyat va san'at xodimlari kuni" nishonlandi
Jamiyat va millat rivojida madaniyat va sanʼatning oʻrni beqiyos. Bugun biz Oʻzbekistonimizning yangi qiyofasini yaratar ekanmiz, avvalo, milliy madaniyatimizni rivojlantirishimiz, sanʼat sohasini yuksaltirishimiz bu borada alohida ahamiyatga ega.
Albatta, mamlakatimizda barcha tarmoqlar qatori madaniyat va sanʼat sohalarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilib, ushbu yoʻnalishda keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti.
O'zbekiston Respublikasining 2021-yil 7-iyundagi "O'zbekiston Respublikasi madaniyat va san'at xodimlari kunini belgilash to'g'risida"gi O‘RQ-694-son Qonuni - yurtimizda soha vakillariga qaratilayotgan eʼtibor hamda ularning jamiyatimiz hayotidagi oʻrni va ahamiyati qanchalik yuqori ekanidan dalolatdir.
Yangiobod tumanida "15-aprel-O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san'at xodimlari kuni" munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Unda Madaniyat va san'at tizimida faoliyat yuritib kelayotgan 37-son madaniyat markazi hamda 19-son Bolalar musiqa va san'at maktabi xodimlari va tumanda faoliyat yuritib kelyotgan mahalliy san'at ustalari ishtirok etishdi.
Tadbirda tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyev barcha madaniyat va san'at xodimlarini bayram bilan tabriklab, madaniyat va san'at ravnaqi yo'lida olib borayotgan ijodiy faoliyatlarida omad va kuch-g‘ayrat tiladi va soha xodimlariga tashakkurnoma, faxriy yorliq va bayram sovg'alari topshirdi.
Bayram tadbiri doirasida madaniyat va san'at xodimlari uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.