Yangiobod tumani fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining murojaati
Yangiobod tumani fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining fermer, dehqon xoʻjaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalariga
M U R O J A A T I
Hurmatli va aziz fermerlar, dehqonlar hamda tomorqa yer egalari!
Bugun mamlakatimiz miqyosida muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bizni Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Inson qadrini ulugʻlash gʻoyalari atrofida birlashtirdi.
Ona tabiatni asrash va tabiiy resurslardan samarali foydalanish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Azal-azaldan koʻchat ekkan, bogʻ yaratgan insonlarga xalqimiz alohida ehtirom bilan qarab, ulugʻlab keladi.
Koʻchat ekib, bogʻ yaratish – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, oʻzimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tufayli koʻnglimiz shodlikka toʻladi, turmushimiz fayzli va farovon boʻladi.
Demak, xalqimizning ibratli oʻtishi oʻzimiz yashayotgan muhitda tabiatga oqilona munosabatda boʻlib, uni asrab avaylash, kelgusi avlodlar ham yashashi uchun qulay makon barpo etishga undaydi.
Ayni chogʻda bogʻlar, koʻchalar hamda yoʻl chetlarida yashnab turgan daraxtlar tevarak-atrofga koʻrk ulashishi barobarida havo musaffoligini taʼminlab, dasturxonimizni mevalar bilan toʻldiradi.
Daraxtlarga mehr berish, ularni parvarishlash eng ezgu va xayrli amal sanaladi. Koʻchat ekib, bogʻ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan oʻtgan milliy qadriyatidir. Zero, ajdodlarimiz oilada yangi tugʻilgan farzandga atab yerga nihol qadagan. Oʻsha daraxt bilan birga farzand ham ulgʻaygan.
Muhtaram Prezidentimizning joriy yilning 29-mart kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida bergan koʻrsatmalari ana shunday ezgulik yoʻlidagi juda ham muhim tashabbusdir.
Prezidentimiz raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha 2024-yil bahor mavsumidagi ustuvor vazifalar yuzasidan boʻlib oʻtgan yigʻilishda bu boradagi ishlarni kengaytirib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida 9,2 million dona daraxt ekish vazifasi belgilab berildi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan “Mening bogʻim” loyihasini ishga tushirish zarurligini, joylarda 33 ta yashil bogʻ va 25 ta jamoat parklarini tashkil qilishga koʻrsatma berildi.
Ijtimoiy obyektlarga koʻchatlarni bepul yetkazib berish boʻyicha oʻtgan yili boshlangan amaliyot bu yil ham davom ettiriladi. Ularga 200 mingdan ziyod koʻchat bepul tarqatilishi belgilandi.
Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek “Yashil makon” vijdonimiz, boʻlajak hayotimiz, farzandlarimiz oldidagi maʼsuliyatimizdir.
Qayd etish kerakki, oʻtgan yili kuz va joriy yilning bahor oylarida mahallalarda, fermer va dehqonlarimiz dalalari chetlariga va aholi tomorqalarida 13,7 milliondan ziyod koʻchat ekildi. Albatta, bu savobli ishlarda koʻplab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik qatori Siz mehnatkash dehqon va fermerlarimizning ham munosib ulushi bor.
Hurmatli fermerlar!
Joriy yil bahor mavsumida Siz ham dalangiz chetidagi boʻsh yerlarga tut, tok va boshqa daraxt koʻchatlari ekib “Yashil makon” umummilliy loyihasiga oʻz hissangizni qoʻshing.
Buning uchun har biringgiz oʻz yer maydonlaringizning dala chetlarida kamida 1000 donadan koʻchat eksangiz, yurtimiz yashillik olamiga oʻzingizning munosib hissanggizni qoʻshgan boʻlasiz.
Mehnatkash dehqonlar!
Muhtaram Prezidentimizning alohida qarorlari bilan joriy yildan boshlab paxta-gʻalladan boʻshagan maydonlardan dehqon xoʻjaliklari uchun yer ajratilib, Sizlar shu yildan boshlab bu yerlardan daromad olishni boshladingiz.
Sizlar har bir qarich yerdan unumli foydalangan holda “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyilini amalga oshirish doirasida dala chetiga va koʻcha boshiga tut, tok va boshqa koʻchatlarini ekishni tashkil etishga chaqiramiz.
Muhtaram tomorqachilar!
Tumanda 8 ta mahalla fuqaro yigʻinlarida 5142 tadan ziyod tomorqa yer egalari faoliyat yuritadi.
Natijalar hisob-kitoblarda aniq koʻrinadi. Agar har bir tomorqachi oʻz tomorqasiga, mahalla guzariga va koʻcha boshiga 10 tupdan koʻchat eksa, tuman boʻyicha 51 ming tupdan ziyod koʻchat ekiladi. Bunday saxovatpeshalik bilan qilingan ishlaringiz tahsinga sazovor boʻladi!
Sizlarga tut, tok va boshqa koʻchatlar kerak boʻlsa joylardagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga murojaat etishingiz mumkin.
Ayni paytda Respublika Kengash huzuridagi “Quva ilmiy ishlab chiqarish” markazida 20 milliondan ziyod tok, tut va boshqa mevali daraxt koʻchatlari zahirasi yaratilgan, ushbu koʻchatlarni xarid qilib, mahallangiz guzariga va koʻcha boshlariga hamda tomorqangizga ekib obod qilishga chaqiramiz.
Hurmatli va aziz fermerlar, dehqonlar hamda tomorqa yer egalari!
Sizlarni hurmatli Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va farovonligiga munosib hissa qoʻshish uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida faol ishtirok etib tut, tok va boshqa daraxt koʻchatlari ekishga chaqiramiz!
Bu bilan siz xalqimizga xos ezgu fazilatlarga oʻzingizning munosib hissangizni qoʻshgan boʻlasiz! Zero, nafaqat hovli va uylarimiz mana shu, mahalla, shahar va mana shu vatan ham oʻzimizniki. Uning ozodaligi va koʻrkamligiga barchamiz masʼulmiz.
Vatanimiz obodligiga oʻz hissamizni qoʻshaylik!
Yangiobod tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi