Yangiobodda harbiy xizmatchilar uchun xizmat uylari foydalanishga topshirildi (Video)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligi bayrami arafasida Yangiobod tumani Havotogʻ QFYda joylashgan DXX Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qism chegara qoʻriqlash vzvodlari harbiy xizmatchilari uchun xizmat uylari foydalanishga topshirilib, bu chegarachilar va ularning oilalariga oʻziga xos bayram tuhfasi boʻldi.
Dastlab “Qoʻshqand” qishlogʻi hududida joylashgan DXX Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qism chegara qoʻriqlash vzvodida harbiy xizmatchilar uchun 16 ta xonadondan iborat, 2 qavatli yangi xizmat uyi topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va tuman sektor rahbarlari, harbiy qism qoʻmondonligi hamda keng jamoatchilik vakillari, harbiylar va ularning oila aʼzolari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida ona vatanimiz tinchligini taʼminlashda sarhadlarimizni tunu-kun qoʻriqlayotgan chegarachilarning alohida oʻrni borligi eʼtirof etilib, milliy armiyamiz kuch-qudrati va salohiyatini oshirish, harbiylar va ularning oilalari uchun koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklar haqida soʻz bordi.
Qayd etilganidek, zamonaviy tipda bunyod etilgan mazkur xizmat uyida yashash uchun barcha qulayliklar muhayyo qilib berilgan. Shuningdek, hududda harbiylarning jajji farzandlari uchun oʻyin maydonchasi ham tashkil etilgan.