ATB “Qishloqqurilishbank” xodimi nega qing'ir yo'lni tanladi?
“Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun” tamoyili asosida ishlash banklarning muhim vazifasidir. Bu yerda ishlayotgan xodim halol va toʻgʻri boʻlsa, albatta obroʻ eʼtibor topadi.
Afsuski, ular orasida ham nafs kuyiga kirib, oʻzgalarning mulkiga koʻz olaytirganlar ham uchrab turibdi.
ATB “Qishloqqurilishbank” (hozirgi kunda Biznesni rivojlantirish banki) Yangiobod filiali kreditlash boʻlimi yetakchi mutaxassisi vazifasida ishlovchi Quldashev Nuriddin Xasanovich ham qingʻir yoʻlni tanladi.
Xizmat mavqeidan foydalanib, oʻzlashtirish jinoyatlarini sodir etdi.
Bank xodimi N.Quldashev tanishlari va qarindoshlari D.Begimqulova, A.Tojiqulova, X.Quldashev, M.Quldasheva, K.Qoʻldashev, Sh.Navruzova, N.Quldoshev, M.Otaqulova, D.Yunusova, M.Qoʻldashevaning xabarlarisiz, ularning ariza-hujjatlarini sohtalashtirib, ATB “Qishloqqurilishbank” Yangiobod filialidan jami 251.409.600 soʻm pul mablagʻlarini oʻzlashtirib olgan.
N.Quldoshev bu holatdan yanada ilhomlanib, mumay daromad koʻrish maqsadida onasi M.Kuldashevaning nomiga “DILNURA SHUKRONA FAYZI” fermer xoʻjaligini tashkil etib, ATB “Qishloq qurilish bank” Yangiobod filiali oʻrtasida 26.05.2020-yilda “Chorva mollarini sotib olish” uchun yillik 26 foiz ustama haq toʻlash sharti bilan 500,0 mln. soʻm miqdorda kredit mablagʻi ajratish boʻyicha 47-sonli kredit shartnomasi tuzib, shartnomaga asosan ajratilgan kredit mablagʻlarini 08.06.2020-yildagi 4-sonli shartnomaga asosan “SHABNAM SHUXRAT” fermer xoʻjaligiga oʻtkazishga erishib, evaziga 350,0 mln. soʻmiga 46 bosh yirik shoxli chorva mollari, 30,0 mln. soʻmiga 3,0 ming dona dagʻal xashak pressi va 120,0 mln. soʻmiga 30,0 tonna yem mahsuloti sotib olib, mazkur yem-xashaklarni sotib olingan 46 bosh yirik shoxli chorva mollariga yedirib, soʻng qolgan 46 bosh yirik shoxli chorva mollarini boshqa shaxslarga sotib yuborib, oʻziga ishonib, topshirilgan oʻzgani juda koʻp miqdordagi 350 mln. soʻmlik mulkini oʻzlashtirdi.
Sud, mazkur jinoyat ishini mazmunan koʻrib chiqib, N.Quldashevga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan JKning 59-moddasiga asosan 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona-muassasalardagi mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Xulosa qilib aytganida, N.Quldashev noqonuniy qilmishi uchun nafaqat sudlandi, el orasida ham uyatga qoldi, uning qingʻir ishlari yaxshilikka olib bormadi, oilasi va bola-chaqasidan ayrilib, hayotining muayyan qismini panjara ortida oʻtadigan boʻldi.
Baxtiyor Mamadaminov,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Yangiobod tuman sudining raisi