1-maydan O'zbekistonda nimalar o'zgaradi
1. Yangi majburiy tulovlar va yig‘imlar faqat qonunda belgilanadi.
Prezidentning 21-fevraldagi farmoniga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlarni faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritiladi.
2. Elektr va gaz uchun tariflar oshiriladi, ijtimoiy norma joriy etiladi (batafsil bu yerda).
3. Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oyda moddiy yordam beriladi.
Prezidentning 2023-yil 27-dekabrdagi qaroriga muvofiq, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestriga kiritilganlarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya to‘lanadi.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etiladi.
4. Ijro hujjatlarini elektron shaklda berish tartibi joriy etiladi.
Prezidentning 3-yanvardagi farmoniga ko‘ra,
- sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish (yuborish, taqdim etish) tartibi joriy etiladi;
- fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanadi;
- ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi pochta xarajatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirishga ham tatbiq etiladi.
5. Protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar oshiriladi.
Prezidentning 27-fevraldagi qarori bilan, protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdorini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib o‘rtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida belgilanadi.
Bundan tashqari, nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimida rasmiylashtiriladi.
6. Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlar jalb etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 11-martdagi qaroriga ko‘ra, eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini autsorsing asosida jalb etiladi.
7. Har oyda zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalar hokimliklarga beriladi.
Prezidentning 17-apreldagi “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalarni har oyda joylardagi hokimliklarga kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasi tashkil etiladi.
8. Ayrim daryolar o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi.
Prezidentning 17-yanvardagi farmoniga ko‘ra,
- Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi;
- Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilanadi;
- daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olish huquqini faqat E-auksion elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilinadi;
- daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olishni taqiqlash va tog‘li yoki tog‘oldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida qazish ishlari tashkil etiladi.
9. Meva-sabzavot mahsulotlariga eksport narxlari shakllantirilishi nazorat qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 29-fevraldagi qaroriga muvofiq, meva-sabzavot mahsulotlariga eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazoratni ta’minlash maqsadida belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha respublikadan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha shartnomalar qiymatini monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish tartibi joriy etiladi.
10. Uzbek Studies kafedralari O‘zbek tili va adabiyotiga oid o‘kuv qo‘llanma va darsliklar bilan ta’minlanadi.
Prezidentning 12-yanvardagi qaroriga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlari hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O‘zbekshunoslik” (Uzbek Studies) kafedralarini O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotiga oid o‘quv qo‘llanma va darsliklar, audio va videomateriallar bilan quyidagi miqdorlarda ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi:
- 200 ta — o‘zbek tilini o‘rganish uchun;
- 100 ta — o‘zbek adabiyotini o‘rganish uchun;
- 100 ta — O‘zbekiston madaniyatini o‘rganish uchun;
- 100 ta — O‘zbekiston tarixini o‘rganish uchun;
- 20 ta — madaniy meros va turizmni o‘rganish uchun.
11. Favqulodda hodisilar uchun volontyorlik guruhlari tashkil etiladi.
Shavkat Mirziyoyevning 17-apreldagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonning har bir hududida kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlari tuzila boshlaydi.
Har chorakda ularga qonunchilikka muvofiq kuchli zilzilada harakatlanish qoidalari va tartibi o‘rgatilib, bu yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalari oshirib boriladi.
12. 17 turdagi xulosalarni berish davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 29-martdagi qaroriga ko‘ra, xulosalarni berish davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali amalga oshiriladi. Xulosalar qatorida quyidagilar bor:
- magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini qurish, ulardan foydalanish hamda ularni ta’mirlashda sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida;
- bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida;
- dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni teleradiokanallar orqali reklama qilish bo‘yicha va boshqalar.
13. Fermerlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHDS)ni qaytarish bo‘yicha eksperiment yakunlanadi.
2023-yil 1-aprelda tajriba tariqasida respublika budjetidan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga ularning ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini bir vaqtning o‘zida qaytarib berish tartibi joriy etilgandi va bu sinov o‘z nihoyasiga yetadi.
14. Auksion orqali sanitariya-gigiyena shoxobchalarini o‘rnatish huquqiga ega bo‘lish mumkin bo‘ladi.
Prezidentning 4-yanvardagi qaroriga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlariga jamoat joylari, ijtimoiy obyektlar va aholi punktlarining belgilangan joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish huquqi beriladi.