Yangi O’zbekiston yoshlari mazmunan yangi saylovlarda faol ishtirok etadi
Ma’lumki joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovini Konstitutsiya va qonunlarga to'la muvofiq holda yuqori saviyada o'tkazish belgilangan.
Bugungi kunda yoshlar demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarda faol qatnashmoqda. Xususan, mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy voqeada ishtirok etishning masʼuliyatini chuqur his etmoqda.
Bugun mamlakatimizda demokratik talablar va xalqaro standartlarga mos saylov tizimi shakllantirilgan. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish, fuqarolar, jumladan, yoshlarning saylov huquqlarini toʻla amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish borasidagi qonunchilik izchil takomillashtirilgan.
Dunyo mamlakatlari ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotidagi turfaxillik ularning saylov tizimlarida ham o‘z aksini topgan bo‘lib, bu holat majoritar, proporsional va aralash saylov tizimlarining shakllanishiga sabab bo‘ldi.
Agar majoritar saylov tizimi konkret nomzodning saylov okrugida saylovchilarning ko‘pchilik ovozini olishi zarurligi bilan tavsiflansa, proporsional saylov tizimi vakillik organiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatgan partiyalar o‘rtasida mandatlarni taqsimlash, ular olgan ovozlar soniga muvofiq amalga oshirilishini bildiradi.
Bir vaqtda ham majoritar ham proporsional saylov tizimini oʻzida jamlagan tizim esa - aralash saylov tizimi deb yuritiladi. Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Belgiya, Vengriya, Qozogʻiston, Germaniya va Ispaniya kabi davlatlardagi saylovlar ushbu tizim asosida oʻtkaziladi. Aralash saylov tizimiga oʻtilishi esa siyosiy partiyalar oʻrtasidagi sogʻlom raqobatni yanada kuchaytiradi.
Bugun yoshlarimiz axborot texnologiyalaridan keng ko'lamda foydalanib kelmoqda. Xususan, saylov jarayoni ishtirokchilari o'rtasidagi munosabatlarni to'liq raqamlashtirish, saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakatini qisqartirish, manfaatlar to'qnashuvining oldini olish, saylovlarga oid ma'lumotlarning yanada ochiqligini ta'minlash maqsadida “E-Saylov” axborot tizimi ishlab chiqilgan. Bu esa yoshlarimizning ushbu platformadan keng foydalanishiga sababchi bo'ladi.
Hozirda yoshlarimizning konstitutsiya va saylov qonunchiligiga doir bilimlari yanada boyitib borilmoqda. Bu esa yoshlarning bo’lajak saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini erkin namoyon etishga yordam beradi.
Yoshlarimizga saylov jarayonida faol ishtirok etish har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqi va burchi ekanligini, mamlakatimizda oʻz mustaqil fikri va hayotiy pozitsiyasiga tayangan holda munosib nomzodga ovoz berishi qonun bilan kafolatlanganligini eslatib o’tamiz.
Murodbek Rahmonberdiyev,
O’zbekiston yoshlar ittifoqi
Jizzax viloyati kengashi raisi,
Xalq deputatlari Jizzax viloyati
Kengashi deputati