Yangiobod tumanida davlatimiz bayrog'i qabul qilinganligining 33 yillik bayrami keng nishonlandi (Video)
Yangiobod tumanida milliy davlatchiligimiz ramzi sanalgan davlatimiz bayrogʻi qabul qilingan sana munosabati bilan "Millat bayrogʻi” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni tuman hokimi oʻrinbosari A.Nishonov ochib berdi va barchani Vatanimiz bayrogʻi qabul qilinganining 33 yillik bayrami bilan samimiy qutladi.
Bayram tadbirida so'z olganlar davlatimiz bayrogʻi xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etib, shu azim yurtda yashovchi har bir fuqaro uchun gʻurur va iftixor ekanini taʼkidladilar.
Shuningdek, bayrogʻimiz istiqlolimiz, milliy oʻzligimiz ramzi ekanligi hamda uning yaratilish tarixi haqida ma'lumot berib o'tdilar.
Tadbir davomida Vatanimiz bayrogʻini madh etuvchi sahna chiqishlari hamda tuman madaniyat boʻlimi ijodiy xodimlari tomonidan koʻngillarni gʻurur-iftixorga toʻldiruvchi kuy-qoʻshiqlar yangradi.