Korrupsiya – davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri
Joriy yilning 27 fevral kuni Yangiobod tumani Sovot mahalla fuqarolar yig‘ini binosida Jizzax viloyat sudi sudyasi I.Umarov hamda Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatovlar ishtirokida aholini huquqiy madaniyatini oshirish, amaldagi va yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlarni jamoatchilikka tushuntirish hamda aholining mavjud huquqiy muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish yuzasidan o‘tkazilgan sayyor uchrashuv shaklidagi navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazildi.
Ochiq muloqotda Jizzax viloyat sudi sudyasi I.Umarov O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati mavzusida nutq so‘zlab, Qonun haqida batafsil tushunchalar berib o‘tdi. Jumladan, mazkur Qonunga ko‘ra, korrupsiya deganda - shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqyeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish anglatadi. Korrupsiyaga qarshi kurashishning qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi kabilar asosiy prinsiplari ekanligi aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6257-sonli Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan tushunchalar berib o‘tdi.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta'sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgani ta'kidlandi.
Ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun mas'ul bo‘lgan alohida organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat hokimiyati organlari va yirik xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng, sudyalar yig‘ilganlarning savollariga batafsil javob berib, muammolarni hal qilish uchun barchamiz mas'ulligimizni, faqatgina davlat organlari tomonidan masalani hal qilishga qaratilgan harakatlar amalga oshirilishi emas, balki mahalla fuqarolari tomonidan tashabbus bilan chiqilishi lozimligi, davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda barchamiz mas'ul ekanligimiz to‘g‘risida yig‘ilish ishtirokchilariga tushuntirishlar berildi.
Yig‘ilish savol-javoblarga boy tarzda yakunlandi.
I.Umarov,
Jizzax viloyat sudi sudyasi
Sh.Begmatov,
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi