Yangiobodda "Qo'mondon va yoshlar" uchrashuvi bo'lib o'tdi (Video)
Jizzax viloyatining eng olis hududi, qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan Yangiobod tumanida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farrux Ziyabayev ishtirokida “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tumandagi sektor rahbarlarining hamrohligida samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkan uchrashuv yoshlarga berilayotgan e’tibor, imtiyoz va imkoniyatlardan keng foydalanishi va milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish istaklarini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Uchrashuvda dastlab qo‘mondon so‘zga chiqib Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilish va oliy harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olish to‘g‘risida bergan ma’lumotlar, yoshlarning vatan himoyachisi bo‘lish, Vatanga sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilish kabi hislarni uyg‘otdi.
Bundan tashqari uchrashuv davomida yoshlarning harbiy va turli sohadagi qiziqishlariga oid savol va murojaatlari atroflicha o‘rganib chiqildi va tegishli mutaxassislar tomonidan to‘liq tushunchalar berib o‘tildi.
Shuningdek, tuman hokimligi bilan hamkorlikda olis hudud yoshlarini harbiy qismlarga taklif etib, ularning milliy armiyamizdagi o‘zgarishlar xususida ma'lumotga ega bo‘lishi va ular o‘rtasida turli harbiy sport musobaqalarini va festivallarni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi va harbiy vatanparvarlik festivalini tumanning olis hududi "Sarmich" mahallasidan boshlab o‘tkazish kelishib olindi.
Uchrashuv davomida tumanning eng faol yoshlari ya'ni "Vatan tayanchi" bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakatiga a'zo bo‘lgan 100 nafar yoshlarga ko‘krak nishonlari tantanali topshirildi.
Uchrashuvdan so‘ng, tuman ahli va yoshlar uchun harbiy-vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi.
Undan harbiy xizmatchilarning qo’l janggi, faxriy qorovulning saf chiqishlari, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi hamda harbiy orkestr jamoalarining ona Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari o‘rin oldi.