Yangiobod tumanida viloyat hokimi Ergash Saliyevning sayyor qabuli boʻlib oʻtdi (Video)
Yangiobod tumani aholisini qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topish maqsadida, viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari hamda fuqarolar ishtirokid ommaviy sayyor qabul oʻtkazildi.
Qabulni ochib bergan viloyat hokimi Ergash Saliyevning taʼkidlashicha, tumanda ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi yashash sharoitini yaxshilash uchun 2023-yilda 6 ta Dasturlar doirasida 39 ta obyektlarda 41,2 mlrd soʻmlik ishlar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ishlab chiqilgan dastur doirasida 21 ta obyektlarda 20,3 mlrd soʻmlik qurilish –taʼmirlash ishlari bajarilib, 13 ta obyektlar topshirildi.
Tumanda sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish maqsadida infratuzilma mavjud boʻlgan 570,9 gektar toifasi oʻzgartirilgan yer maydonida qiymati 923,4 mlrd soʻmlik 103 ta loyihalarni amalga oshirish hisobiga 450 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi. “Balandchaqir”, “Shodlik” va “Doʻstlik” mahallalaridagi ishsiz yoshlarni kasb – hunarga oʻqitish, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish orqali doimiy ish bilan taʼminlash maqsadida mikromarkaz tashkil etiladi.
Tumanda 5 ta obyektlarda qurilish va rekonstruksiya qilish, yoʻl – transport infratuzilmasi hamda muhandislik – kommunikatsiya tarmoqlari barpo etish uchun 6,8 mlrd soʻm ajratilgan. Bu obyektlarda 6,1 mlrd soʻmlik (90 %) qurilish – taʼmirlash ishlari bajarilib, 4 ta obyektlar foydalanishga topshirildi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi bunyodkorlik ishlarini yana koʻplab keltirish mumkin.
Qabulda viloyat tashkilotlari va boshqarmalari rahbarlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilib, faoliyat olib bordi.
Fuqarolar tomonidan koʻtarilgan murojaatlar boʻyicha tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.