Yangiobodda harbiy vatanparvarlik festivali bo'lib o'tdi
Yangiobod tumani Sarmich mahallasida Qurolli kuchlarimiz tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy vatanparvarlik festivali bo'lib o'tdi.
"Yangi Oʻzbekiston armiyasi - mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir" shiori ostida bo'lib o'tgan ushbu festivalda qurol-aslaha koʻrgazmalari, harbiylarning qoʻl jangi namoyishlari hamda kinologiya xizmati xodimlari va xizmat itlarining turli xil chiqishlari yoshlar eʼtiboriga havola etildi.
Shuningdek, harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar yoshlar qalbiga faxr-iftixor va joʻshqin kayfiyat ulashdi.
Festival doirasida kamondan otish, AK-74 qurolini to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish, tosh ko‘tarish, arqon tortish kabi musobaqalar ham tashkil etilib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.