Телефонлар:
(0372) 542-11-11
(0372) 542-11-45
» » Mudofaa qurilishi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Mudofaa qurilishi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

02 январь 2024 йил
185
0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-yanvar kuni mudofaa qurilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan xizmat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda qoʻshinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash, mavjud qurol-yarogʻ namunalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Qoʻshinlarning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligi, boshqaruv organlari, birlashmalar, qoʻshilma va qismlar, oliy harbiy taʼlim muassasalarining faoliyat samaradorligini oshirish boʻyicha bajarilgan ishlar yuzasidan mudofaa vazirining hisoboti tinglandi.

2016-yildan boshlab milliy armiyamizni isloh qilish, Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasini va dislokatsiya tizimini takomillashtirish, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika namunalari bilan jihozlash, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi va shayligi, kasbiy mahoratini oshirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Oʻtgan davrda boʻlinmalarning texnik va zaxira taʼminoti tizimi tubdan qayta koʻrib chiqildi, autsorsing xizmatlari va harbiy klasterlar tizimi joriy qilindi. Mudofaa sanoati majmuasi korxonalari faol rivojlantirilmoqda, ayrim turdagi qurol-yarogʻ va texnika turlarini ishlab chiqarish va modernizatsiya qilishni mahallliylashtirish boshlandi.

Hisobot davrida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, mahallalarda 24 mingdan ortiq tadbir oʻtkazildi, “Jasorat maktablari”dagi oʻquv yigʻinlariga 5 ming nafardan ziyod yoshlar jalb qilindi.

Harbiy shaharchalarda “temir daftar”ga kirgan oilalarning farzandlari uchun fan, sport va sanʼat turlari boʻyicha toʻgarak va seksiyalar tashkil etish, ularni brigada komandirlari va harbiy okrug qoʻmondonlariga biriktirish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Jami 580 dan ortiq tezkor-jangovar tayyorgarlik tadbirlari oʻtkazildi, ularda Qurolli Kuchlarning 35 mingdan ziyod harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida qoʻshinlarning jangovar tayyorgarlik samaradorligi, harbiy xizmatchilarning professionalligi, jangovar ruhi va psixologik shayligi sezilarli darajada oshdi.

Harbiy oliy taʼlim muassasalari faoliyatida harbiy kadrlarni ilgʻor texnologiyalar asosida tayyorlash boʻyicha yangi tizim joriy qilindi.

Bundan tashqari, harbiy sohani raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Qoʻshinlarni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, aloqa tizimlari takomillashtirilmoqda.

Yigʻilishda milliy armiyani zamonaviy qurol-aslaha va harbiy-texnik mulk bilan taʼminlash, harbiy sanoat majmuini takomillashtirish ishlarini davom ettirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

14-yanvar kuni nishonlanadigan Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan bayram tadbirlarini yuksak saviyada tayyorlash va oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari tomonidan Qurolli Kuchlar faoliyatini yanada takomillashtirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yuksaltirish boʻyicha qator topshiriqlar berildi.

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар