Yangiobodda “Vatan himoyachilari kuni”ga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi
Istiqlolning ilk yillaridayoq mamlakatimiz mudofaasini kuchaytirish masalasi davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralib, Qurolli Kuchlarimizni shakllantirishning huquqiy asoslarini yaratishga kirishildi.
1992-yil 14-yanvar kuni Respublika Oliy Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy oʻquv muassasalari toʻgʻrisida”gi tarixiy qarori qabul qilindi va unga koʻra, mamlakatimiz hududidagi harbiy tuzilmalar respublika tasarrufiga olindi. Mazkur hujjat armiyamizni isloh qilishning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqilishiga yoʻl ochdi. Shu bois 1993-yilning 29-dekabrida 14-yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” deb eʼlon qilindi. Shundan buyon bu kunni yurtimizda milliy bayram sifatida katta tantana bilan nishonlash oʻziga xos anʼanaga aylandi.
Bugun ham Yangiobod tumanidagi 19-sonli musiqa va sanʼat maktabida 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli kuchlarimiz tashkil etilganining 32 yilligi munosabati bilan bayram tadbir tashkil etildi.
Tadbir avvalida tuman hokimi o'rinbosari Azizbek Nishonov barchani bugungi qutlugʻ sana bilan tabriklab, tuman hokimining bayram tabrigini o'qib eshittirdi va yosh avlod uchun oʻz fidoiyligi bilan ibrat maktabi yaratayotgan mard va jasur posbonlarimizning sharafli faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
So'z olganlar Qurolli Kuchlarimizning shonli 32 yil davomida mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir boʻlgan, zamonaviy, har tomonlama yaxshi qurollangan, hech kimdan kam boʻlmagan milliy armiyamizni shakllantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtdilar.
Tadbir davomida tumandagi chegara qoʻriqlash vzvodlarida xizmat qilayotgan bir guruh harbiylarga faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Bayram tadbiri harbiylarning koʻrgazmali chiqishlari, shoir va ijodkorlarning Vatanni madh etuvchi sheʼrlari hamda tuman madaniyat boʻlimi sanʼatkorlarining qalblarga joʻshqin kayfiyat ulashuvchi kuy-qoʻshiqlari bilan koʻtarinki ruhda davom etdi.