“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni: ham imkoniyat, ham masʼuliyat!
Barchamizga maʼlumki, 2024-yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilindi. Bu mamlakatimiz yoshlarining yurtimiz ravnaqi va yuksalishi, fuqarolarning farovon turmush, munosib hayotga ega boʻlishi, jahondagi ilgʻor jamiyatlar safidan oʻrin olishi kabi maqsadlarni hayotga tatbiq etishdagi oʻrni va roli zalvorli ekanligining eʼtirofi boʻldi, desak yanglishmaymiz.
Aynan shu maqsadda, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-37-son, 21.02.2024-y.) qabul qilindi.
Farmon bilan, keng jamoatchilik bilan muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida quyidagi muhim chora-tadbirlar tasdiqlandi:
2024-yilga moʻljallangan yoʻnalishlar kesimidagi amaliy tadbirlar rejasi;
2024-yilda yoʻnalishlar kesimida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati.
Tadbirlar rejasi quyidagi 5ta yoʻnalish va jami 100 ta maqsaddan iborat:
Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish;
Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash;
Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
“Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.
Demak, bundan koʻrinib turibdiki sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, ularni mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarning faol va bevosita ishtirokchisi, jamiyatning haqiqiy tayanchi va suyanchiga aylantirish mamlakatimizning ustuvor va strategik vazifalaridan biri boʻlib qolmoqda. Xususan, keyingi 7 yilda yoshlar siyosati samaradorligiga oid jami 100 ga yaqin qonun va qonunosti hujjatlari, jumladan, 2016-yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida” gi qonuni qabul qilindi. 2017-yil 30-iyunda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilib, uning asosiy maqsadi yoshlarning barcha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirishga qaratildi. Oʻz navbatida, Prezident taklifiga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlar kunini belgilash toʻgʻrisida” gi qonun bilan 30-iyun –“Yoshlar kuni” deb eʼlon qilindi.
Hozirda hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati yoshlarning zamon talablari darajasida taʼlim olishi, oʻsib-ulgʻayishi, oʻz bilim va salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, oʻzining qatʼiy hayotiy eʼtiqod va qarashlariga ega boʻlgan, “halollik vaksinasi” bilan emlangan, milliy mentalitetimizga yot zararli taʼsirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida mamlakatimiz yoshlarining siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ong darajasining oʻsib borishi, jamiyatni demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlarining jadal rivojlanishi, yosh avlodning ilm-fan, sport sohasida erishayotgan yutuqlari bu sohadagi islohotlarni yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtarishimiz uchun zarur sharoitlarni yuzaga keltirayotgani hech kimga sir emas.
Joriy yilning – Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili, deb eʼlon qilinishi ham mamlakatimizda amalga oshirilib kelinayotgan islohotlarning uzviy va mantiqiy davomi boʻldi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining yoshlarga va tadbirkorlikka oid maqsadlariga aynan uygʻundir. Xususan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida yoshlarning zamonaviy kasblar bilan mashgʻul boʻlishini taʼminlash uchun har bir viloyatda bittadan “Kreativ park”lar faoliyatini tashkil etish, ularga yiliga kamida 40 ming nafar yoshlarni jalb qilish, har yili 500 nafar isteʼdodli yoshlarni xorijning nufuzli oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga yuborish, maktab bitiruvchilarining kamida 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb egallashini taʼminlash, kitobxon yoshlar sonini 5 million nafarga yetkazish, “Top-500” ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qoʻshma taʼlim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish kabi maqsadlar oʻrin olgan.
Holbuki, sogʻlom, bilimli, madaniyatli yoshlar mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilab beruvchi hamda jamiyatda ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirishda harakatlantiruvchi kuchdir. Yoshlarga oid davlat siyosati avvalo har bir davlatning ichki siyosati boʻlib, yoshlar va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yoshlarga oid davlat siyosati hech qachon yakunlangan tizimni anglatmaydi. Bu sohadagi izchil va hayotchan islohotlar davr talabi va mavjud shart-sharoitdan kelib chiqib, takomillashtirib boriladigan uzluksiz jarayondir.
Muxtasar qilib aytganda, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan keng koʻlamli islohotlarni 2024-yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy oʻzgarishlarga erishish boʻyicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.
Ushbu Farmon biz uchun ham imkoniyat, ham masʼuliyatdir!
Murodbek Rahmonberdiyev,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi
Jizzax viloyati Kengashi raisi,
Halq deputatlari Jizzax
Viloyati Kengashi deputati.