2024-yil yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yili boʻladi
Barchamizga maʼlumki, muxtaram yurtboshimiz tomonidan 2024-yil Oʻzbekistonda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilindi.
Yangi yil tabrigida prezidentimiz tomonidan “Inson qadrini ulugʻlash, aholimiz manfaatlarini taʼminlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish bizning asosiy vazifamizdir”, — deb taʼkidlanganligi bugungi kundagi barcha raxbarlar oldiga qoʻyilgan kechiktirib boʻlmas vazifadir.
Prezidentimiz tomonidan joriy yilda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish – eng ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.
Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini taʼminlaydigan yosh avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi hal qiluvchi oʻrin tutadi.
Shu sababli, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarimiz koʻlami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarga tayanishimiz bugungi davrimizning talabidir.
Barchamiz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yoshlarimizdan har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi muhit va sharoitlarga moslashib, oʻz tanlagan yoʻllaridan ogʻishmay yurishlari uchun tirgak boʻlishimiz lozim.
Yoshlarimiz oʻz oldiga katta marralarni qoʻyib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlarni yaratish va har tomonlama koʻmak berish – bugun har qanday darajadagi raxbar oldida turgan eng ustuvor vazifa boʻlishi zarur. Shundagina yoshlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini roʻyobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.
Yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʻlgan insonlar etib voyaga yetkazish, oʻgʻil-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, ish va uy-joy bilan taʼminlash, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yoshlar jinoyatchiligi va xuquqbuzarliklarini oldini olish, taʼlim muassasalaridagi, kuch tuzilmalaridagi va korxona-tashkilotlardagi yoshlarimiz bilan tizimli ishlash yoʻlida joriy yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan ham qator ishlar amalga oshiriladi.
Dunyo tajribasidan bilishimiz mumkinki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga oʻn, yuz barobar koʻp foyda keltiradi. Shunday ekan bugun yoshlarimiz uchun qancha sarmoya kiritsak ham kamdir.
“Yangi yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytiramiz. Ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, „yashil“ va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratamiz”, — deb taʼkidlaganlari bugungi axborot asrida yoshlarimizning xususiy bizneslarini rivojlantirish, ularni IT sohalarga keng jalb qilish har qachongidan ham muhim ekanligini koʻrsatib turibdi. Shunday ekan, Jizzax viloyatida yoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tadbirlarini joriy yilda yangi bosqichga olib chiqishda bor kuch va salohiyatimizni ishga solamiz!
Yangi yil barchamizga qutlugʻ boʻlsin!
Murodbek Rahmonberdiyev,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi
Jizzax viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Jizzax
viloyati Kengashi deputati.