Odam savdosi jinoyatining tushunchasi
Oʻzbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat sifatida inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy xuquqlari eʼtirof etilgan boʻlib, bu xuquqlar Konstitutsiyamizda ham mustaxkamlangan.
Yurtimizda odam savdosi jinoyati uchun uchun bir qator ogʻir jinoiy javobgarlik belgilangan boʻlsada, ammo mana shunday jirkanj jinoyat bilan shugʻullanib kelayotgan shaxslar uchrab turibdi.
Avvalom bor odam savdosi bu qanday jinoyat ekanligiga tushuncha bersak.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasi mazmuniga koʻra, odam savdosi deganda, odamni olish-sotish yoki odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash yoki qabul qilish tushuniladi.
Shuningdek, oldi-sotdi tariqasidagi odam savdosi odamning bir shaxs tomonidan boshqasiga pul, boshqa moddiy qimmatliklar (mulk), mulkiy harakterdagi xizmatlar, mulkiy yoki pul shaklidagi qarzdan voz kechish va x.k.lar sifatidagi xaq evaziga berilishi toʻgʻrisida yozma yoki ogʻzaki bitim tuzilishini nazarda tutadi. Bunday koʻrinishidagi odam savdosiga odam qanday maqsadlarda sotib olinganligi (sotilganligi) xuquqiy ahamiyat kasb etmaydi.
Shaxs odamni uning evaziga xaq olingandan soʻng topshirish sharti bilan sotishga vaʼda berib, biroq azaldan uning qasdi moddiy qimmatliklarni egallashga qaratilgan va unda bitim shartlarini bajarish niyati boʻlmagan hollarda, uning harakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etadi, oluvchining harakatlari esa sotib olish tariqasidagi odam savdosiga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Olish-sotish tariqasidagi odam savdosidan farqli ravishda, Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan boshqa barcha hollar (yollash, tashish topshirish, yashirish, qabul qilish)da jinoiy javobgarlik yuzaga kelishining zarur sharti odamni ekspluatatsiya qilishga qaratilgan maqsad mavjudligi hisoblanadi.
Odam mehnat va xizmatlaridan mehnat, fuqarolik qonunchiligi normalariga muvofiq (masalan, qurilish yoki maishiy pudrat, xaq evaziga xizmat koʻrsatish, yoʻlovchi va yuk tashish, transport ekspeditsiyasi va h.k. shartnomalar boʻyicha) foydalanilgan barcha hollarda odam ekspluatatsiyasi mavjud boʻlmaydi. Bunday xuquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bogʻliq nizolar fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etilishi kerak.
Odamni ekspluatatsiya qilish boshqa shaxslar fohishabozligidan foydalanish yoki boshqa koʻrinishdagi shahvoniy ekspluatatsiyani,
majburiy mehnat yoki xizmatlar, qulllik yoki qullikka oʻxshash odatlar, erksizlik holati yoki odam aʼzolari yoki toʻqimalari olinishini anglatadi.
Odam savdosiga oid ishlarni tergov qilish yoki koʻrishda tergov organlari va sudlar quyidagi tushunchalarni aniq farqlashlari lozim;
yollash deganda, ekspluatatsiya qilish maqsadida, odamni biron-bir faoliyat bilan shugʻullanishga jalb etishga qaratilgan faoliyat (ekspluatatsiya obyektini qidirish, toʻplash, u bilan muzokara yuritish va h.k) tushuniladi;
tashish – shaxsni olish-sotish bitimi tuziladigan (ijro etiladigan), boshqa shaxsga topshiriladigan joyga yoki undan ekspluatatsiya maqsadida, foydalaniladigan joyga yetkazib berish (transportda tashish)ni anglatadi. Bunda yetkazib beriladigan shaxs odam savdosini amalga oshirish uchun moʻljallanganligi tashuvchiga oldindan maʼlum boʻlishi lozim. Tashish bitta aholi punkti doirasida ham, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqish bilan bogʻliq tarzda ham amalga oshirilishi mumkin;
topshirish – odamni boshqa shaxsga ekspluatatsiya qilish maqsadida jismoniy tarzda berishda ifoadalanadi;
yashirish – jabrlanuvchini hokimiyat vakillaridan, qarindoshlaridan yoki uning taqdiridan manfaatdor boshqa shaxslardan har qanday joyda xifiya saqlashda ifodalanadi;
qabul qilish – odamni oʻz maqsadlarida, ekspluatatsiya qilish uchun egalikka olish (masalan, hadya tariqasida, vaqtincha tekin foydalanish uchun yoki qarz evaziga va h.k)ni anglatadi, odamni sotib olish hollari bundan mustasno.
Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi formal boʻlib, jinoyat odamni olish-sotish bitimi tuzilgan paytdan yoki qonunning mazkur moddasida koʻrsatilgan boshqa qilmish sodir etilgan paytdan tugallangan hisoblanadi.
Baxtiyor Mamadaminov,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Yangiobod tuman sudining raisi