Телефонлар:
(0372) 542-11-11
(0372) 542-11-45

Adliya rukni: 10 savolga 10 javob

27 сентябрь 2024 йил
42
0

1.Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakili (Ombudsmen) qanday shikoyatlarni koʼrib chiqadi.

Javob: Oʼzbekiston Respublikasining “Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) toʼgʼrisida”gi Qonunining 10-moddasiga koʼra, vakil Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda Oʼzbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarning oʼz huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini koʼrib chiqadi va u oʼz tekshiruvini oʼtkazish huquqiga ega. Vakil uchinchi shaxslarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan bir kishining yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini koʼrib chiqish uchun, basharti ularning bunga roziligi boʼlsa, qabul qiladi.

Shuningdek, yuqoridagi Qonunning 11-moddasiga koʼra, vakil arz qiluvchiga oʼz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi maʼlum boʼlib qolgan paytdan eʼtiboran yoki arz qiluvchi, agar u huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan boʼlsa, oʼz shikoyati boʼyicha qabul qilingan oxirgi qarordan xabar topgan paytdan eʼtiboran bir yil davomida berilgan shikoyatlarni koʼrib chiqadi.

Shikoyat berishning uzrli sabablarga koʼra oʼtkazib yuborilgan muddati Vakil tomonidan tiklanishi mumkin.

2.Murojaat larni koʼrib chiqish muddatlari qanday.

Javob: Oʼzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida”gi Qonunining 28-moddasiga koʼra, ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart boʼlgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʼn besh kun ichida, qoʼshimcha oʼrganish va (yoki) tekshirish, qoʼshimcha hujjatlarni soʼrab olish talab etilganda esa, bir oygacha boʼlgan muddatda koʼrib chiqiladi.

Аriza va shikoyatlarni koʼrib chiqish uchun tekshirish oʼtkazish, qoʼshimcha materiallarni soʼrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʼrish zarur boʼlgan hollarda, ularni koʼrib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzogʼi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha boʼlgan muddatda koʼrib chiqiladi, qoʼshimcha oʼrganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno boʼlib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga oʼn kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

3.Qaysi holatlarda murojaatlar koʼrib chiqilmaydi.

Javob: Oʼzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida”gi Qonunining 29-moddasiga koʼra, quyidagi murojaatlar koʼrib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʼlmagan taqdirda;

mazkur Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq boʼlmagan murojaatlar.

Murojaatlar koʼrmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi. Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar koʼrmay qoldirilganligi toʼgʼrisida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.

4.Oʼzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va uni tiklash tartibi qanday amalga oshiriladi.

Javob: Oʼzbekiston Respublikasining “Oʼzbekiston Respublikasining Fuqaroligi toʼgʼrisida”gi Qonunining 18–22-moddalariga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish: umumiy tartibda; soddalashtirilgan tartibda; alohida tartibda amalga oshiriladi.

Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning umumiy tartibi chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi boʼlmagan shaxsga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:

  1. a) chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan boʼlsa;
  2. b) fuqaroligi boʼlmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan eʼtiboran va Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish toʼgʼrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar Oʼzbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan boʼlsa;
  3. v) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega boʼlsa;
  4. g) Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini oʼz zimmasiga olsa;
  5. d) davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ushbu modda birinchi qismining «b» bandida nazarda tutilgan shart Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohda boʼlgan va nikoh tuzilganidan keyin Oʼzbekiston Respublikasi hududida turmush oʼrtogʼi bilan birgalikda uzluksiz uch yil davomida yashab kelayotgan fuqaroligi boʼlmagan shaxsga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunda, agar fuqaroligi boʼlmagan shaxs bir yil ichida Oʼzbekiston Respublikasidan tashqariga jami bir yuz sakson uch kundan ortiq boʼlmagan muddatga chiqqan boʼlsa, Oʼzbekiston Respublikasi hududida yashalgan muddat uzluksiz deb hisoblanadi.

Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi boʼlgan yoki fuqaroligi boʼlmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:

  1. a) Oʼzbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi boʼlgan, nasl-nasab shajarasi boʼyicha toʼgʼri tutashgan loaqal bitta oʼzidan oldingi qarindoshga ega boʼlsa;
  2. b) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega boʼlsa;
  3. v) Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini oʼz zimmasiga olsa;
  4. g) davlat tilini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.

Ushbu modda birinchi qismining «a» bandida nazarda tutilgan shart ilm-fan va ilmiy faoliyat, texnika, madaniyat hamda sport sohasida katta yutuqlarga ega boʼlgan, shuningdek Oʼzbekiston Respublikasi uchun manfaatli kasbga yoxud malakaga ega boʼlgan vatandoshga va (yoki) uning oila aʼzolariga nisbatan hisobga olinmasligi mumkin. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi materiallarni koʼrib chiqadi va Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligini ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʼrsatilgan shaxslarga berish maqsadga muvofiqliligi toʼgʼrisida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi. Qabul qilingan qaror asosida shaxsga Oʼzbekiston Respublikasi fuqaroligini berish toʼgʼrisida kafolat xati beriladi, agar ushbu shaxs fuqarosi boʼlgan davlat fuqaroligidan chiqadigan boʼlsa. Kafolat xatining amal qilish muddati bir yil. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasining qaroriga binoan kafolat xatining amal qilish muddati yana bir yilga uzaytirilishi mumkin. Kafolat xati ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tomonidan ariza beruvchiga yoki uning qonuniy vakiliga topshiriladi yoxud pochta orqali yuboriladi.

Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq ariza beruvchi chet davlat fuqaroligidan chiqqanligi haqida hujjat taqdim etganidan keyin amalga oshiriladi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga ushbu Qonunning 19 va 20-moddalari talablari qoʼllanilmagan holda Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligini berishi mumkin.

Аgar ilgari Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi boʼlgan shaxsning fuqaroligi ushbu Qonun 25-moddasi birinchi qismining «a» va «g» bandlariga muvofiq yoʼqotilgan boʼlmasa, u Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash toʼgʼrisida iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqiga ega. Iltimosnomada Oʼzbekiston Respublikasi fuqaroligining tugatilish sabablari koʼrsatiladi.

Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash toʼgʼrisidagi iltimosnoma boʼyicha hujjatlarni rasmiylashtirish ushbu Qonunning 19, 37 va 38-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligini bir martadan ortiq tiklashga yoʼl qoʼyilmaydi.

5.Ota-onaning bolalariga toʼlaydigan aliment miqdori sud tomonidan qanday tartibda belgilanadi.

Javob. Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-100-moddalariga koʼra, agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona oʼrtasida kelishuv boʼlmasa, ularning taʼminoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — toʼrtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu toʼlovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʼpaytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq toʼlash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam boʼlmasligi kerak.

Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishi shartdir.Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona oʼrtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.

6.Qanday holatlarda aliment miqdorini kamaytirish yoki toʼlashdan ozod qilish mumkin.

Javob. Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 105-moddaasiga koʼra, aliment toʼlayotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari boʼlib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda oʼsha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq taʼminlanib qoladigan boʼlsa, shuningdek aliment toʼlayotgan ota (ona) nogiron boʼlib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan boʼlsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega boʼlgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.

Аgar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining toʼliq taʼminotida boʼlsa, sud aliment toʼlayotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, toʼlanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment toʼlashdan ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Аliment miqdorini kamaytirish yoki uni toʼlashdan ozod qilish uchun asos boʼlgan holatlar tugaganda manfaatdor taraf aliment qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.

7.Yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlarii uchun olib qoʼyilishi munosabati bilan uyi (kvartirasi) buzilishi lozim boʼlgan fuqarolarni turar joy bilan taʼminlash yoki ularga yakka tartibda uy-joy berish qanday amalga oshiriladi.

Javob: Oʼzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksining 27-28-moddalariga koʼra, yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʼyilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida boʼlgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi boʼyicha va taraflar kelishuviga koʼra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʼlmagan sahndagi, barcha qulayliklari boʼlgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati toʼlanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga boʼlgan huquqning bozor qiymati toʼliq hajmda toʼlanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʼlgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʼlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʼlgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʼlgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʼlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʼlgan taqdirda esa, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga boʼlgan huquq berilgan paytdan eʼtiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim.

Yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʼyilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida boʼlgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi boʼyicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi beriladi. Bunda yer uchastkasini oʼzlashtirish davriga uch yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylarning (kvartiralarning), imoratlarning, inshootlarning va koʼchirib tashlangan dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek olib qoʼyilayotgan yer uchastkasiga boʼlgan huquqning bozor qiymati berilayotgan yer uchastkasiga boʼlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʼlgan taqdirda yer uchastkalariga boʼlgan huquqlarning bozor qiymatlari oʼrtasidagi farqlar toʼliq hajmda qoplanadi.

8. Intizomiy jazosi bor xodimga bayram uchun mukofot bersa boʼladimi?

Javob. Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan ragʼbatlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq toʼlash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qoʼllanilmaydi.

Bayram sanalari bilan beriladigan mukofotlar mehnatga haq toʼlash tizimiga kirmaydi va mehnat natijalariga asoslanmaydi.

❗️Qonunga koʼra, ish beruvchi xodimni bayram kunlari taqdirlamoqchi boʼlsa, MK 315-moddasi 3-qismiga koʼra, intizomiy jazoni istalgan vaqtda olib tashlashga haqli.

Intizomiy jazoning amal qilish muddati u qoʼllanilgan kundan eʼtiboran 1 yildan oshmasligi kerak.

9. Mahalla faoliyatida faol ishtirok etayotgan fuqarolarga kommunal xizmatlar boʼyicha kompensatsiya toʼlanadi

Javob. Hukumat qarori (99-son, 23.02.2021 y.) bilan Fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarga kommunal xizmatlar uchun majburiy toʼlovlar boʼyicha kompensatsiya pul toʼlovlarini toʼlash tartibi toʼgʼrisidagi nizom tasdiqlandi.

2021 yil 1 martdan fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarga kommunal xizmatlar uchun majburiy toʼlovlar boʼyicha BHMning 50 foizi miqdorida har oyda kompensatsiya pul toʼlovlari toʼlanishi belgilandi.

Fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etayotgan koʼchaboshi va uyboshilar faoliyati samaradorligi bir qator asosiy koʼrsatkichlar orqali baholanadi.

Mazkur shaxslar faoliyatini baholashda ular biriktirilgan koʼcha yoki uyda kamida 3 oy davomida faoliyat koʼrsatganligi inobatga olinadi va mezonlardan kelib chiqqan holda 70 balldan yuqori ball toʼplagan taqdirda toʼlanadi.

Kompensatsiya pul toʼlovlari toʼlanishi koʼchaboshi va uyboshilar fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etmasa muddatidan oldin toʼxtatiladi.

10. Nogironligi boʼlgan xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqti

Javob. Mehnat kodeksining 427-moddasiga muvofiq, I va II guruh nogironligi boʼlgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga 36 soatdan oshmasligi lozim.

Shuningdek, ular uchun kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, lekin 6 kunlik ish haftasida — 6 soatdan, 5 kunlik ish haftasida — 7 soat-u 30 daqiqadan ortib ketmasligi kerak.

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар