Телефонлар:
(0372) 542-11-11
(0372) 542-11-45
» » O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

14 январь 2024 йил
75
0

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Muhtaram Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

Qadrli vatandoshlar!

Siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni mamlakatimiz hayotidagi muhim sana – Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Xalqimiz sizlar kabi mard va jasur harbiylarimiz timsolida Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulugʻ ishni sharaf bilan ado etib, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli anʼanalarini munosib davom ettirib kelayotgan ona yurtimizning chinakam qalqonlarini koʻradi.

Mana shu qutlugʻ ayyomda barchamiz sizlarning metin irodangiz, jangovar ruhingiz va shiddatingizga qarab, Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligi mustahkam ishonchli qoʻllarda ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz.

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida erishayotgan barcha yutuq va marralarimizda Qurolli Kuchlarimiz va ularning saflarida oʻz vazifasini sidqidildan ado etayotgan ming-minglab harbiylarimizning munosib hissasi bor, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Xalqimizning asl oʻgʻlonlariga xos fazilatlar ulugʻlanadigan mana shu unutilmas lahzalarda Vatan oldidagi burchini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan botir jangchilarimizni yod etib, ularning oʻlmas xotirasi oldida taʼzim qilamiz.

Ishonchim komil, ular oʻzlarining jasorati va oʻchmas nomlari bilan el-yurtimiz qalbida hamisha barhayot yashaydi, jangovar saflarda ularning oʻrni, aziz xotirasi hech qachon yoʻqolmaydi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Keyingi yillarda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu gʻoya asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, harbiy qurilish sohasini tubdan modernizatsiya qilish boʻyicha olib borayotgan islohotlarimiz natijasida milliy armiyamizda chuqur sifat oʻzgarishlari yuz bermoqda, uning saflarida xizmat qilish tom maʼnoda shon-sharaf ishiga aylanib bormoqda.

Bu borada, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarimiz muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Bugungi kunda harbiy xizmatchilarimizning professional mahorati va obroʻ-eʼtibori jahon miqyosida ham yuksalib bormoqda. Buni mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillarining nufuzli xalqaro harbiy musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelayotgani misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va faxriylarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha ham kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ana shunday saʼy-harakatlarimiz hamda Milliy armiyamiz va xalqimizning faol hamkorligi tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchligi va barqarorligining ishonchli kafolatiga, chinakam jasorat va matonat maktabiga aylanmoqda, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Qadrli doʻstlar!

Dunyo miqyosidagi hozirgi oʻta murakkab vaziyatda mamlakatimiz xavfsizligi va manfaatlarini ishonchli taʼminlash yanada dolzarb vazifamizga aylanmoqda.

Shuni hisobga olgan holda, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni taʼminlash, yurtimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish masalalari ustuvor yoʻnalishlar etib belgilandi.

Shu asosda mamlakatimizning harbiy-ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini kuchaytirish, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash, qoʻshinlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga yanada ulkan ahamiyat qaratamiz.

Buyuk Amir Temur bobomiz aytganlaridek, gʻalaba taqdirini avvalo qoʻshinning jangovar ruhi va tayyorgarligi, maʼnaviy qudrati va mustahkam irodasi hal qiladi.

Shu bois, milliy armiyamizning chinakam kuch-qudratini belgilab beradigan qoʻrqmas va dovyurak harbiylarimiz qalbida jangovar ruhni oshirish, ularni har qanday qiyinchilik va sinovga chidamli va matonatli etib tarbiyalash bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Aziz Vatan himoyachilari!

Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt, olijanob va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

Azmu shijoatli Oʻzbekiston harbiylari – Vatanimiz posbonlariga shon-sharaflar boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti,

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар