Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyevning tuman ahliga Ramazon hayiti tabrigi
Aziz yurtdoshlar, qadrli tumandoshlar!
Sizlarni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi — muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Bugungi qutlugʻ ayyomda avvalo shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun barchamiz Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Hammamizga maʼlumki, yaxshilik, sabr qanoat va hamjihatlik kabi ezgu fazilatlarni oʻzida mujassam etgan bu bayramning maʼno - mazmuni hamda xalqimiz hayotida tutgan oʻrni, azaliy qadriyatlarimizni mustahkamlash va inson tarbiyasidagi ahamiyati beqiyosdir.
Bugun Yaratganning marhamati bilan xalqimiz tinchlik va farovonlikda hayot kechirmoqda. Mamlakatimiz, xususan, bizning tumanimizda ham yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻyilib, barcha sohalarda yangilanishlar roʻy bermoqda.
Albatta biz oʻz diniy qadriyatlarimizni ulugʻlab, eʼzozlab yashar ekanmiz, hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mustahkam iymon-eʼtiqod bilan birga, zamonaviy ilm-fan, kasb-hunar va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni chuqur oʻzlashtirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash barqaror taraqqiyotga erishishning muhim sharti ekanligini yaxshi anglaymiz.
Muborak hadislarda aytilganidek, ikki dunyo saodatini oʻylab yashagan inson, xalq hech qachon kam boʻlmaydi.
Azizlar! Barchangizni yana bir bor ulugʻ Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etib, oilalaringizga tinchlik va farovonlik, shaxsiy hayotingizda baxt va saodat tilayman.
Duoga qoʻl ochgan keksa otaxonu onaxonlarimizning shunday fazilatli damlarda tinchligimiz bardavomligi, xalqimiz farovonligi uchun qilgan ibodatlari, ezgu niyatlari ijobat boʻlsin.
Jonajon yurtimizda, xonadonlarimizda tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka bardavom boʻlsin.
Ezgu ishlarimizda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin.
Yangiobod tumani hokimi
Ibrohim Qarshiboyev